Asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi

Бугун 11:022 дақиқа

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.

Asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi © vaqt.uz

Markaziy bank boshqaruvi 2026 yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda umumiy inflatsiya pasayish tendensiyasini saqlab qolmoqda. Jumladan, 2026 yil mart oyida inflatsiya yillik 7,1 foizgacha tushgan. Bazaviy inflatsiya esa 5,7 foizni tashkil etgan. Shu bilan birga, inflatsiyaning pasayish sur’ati sekinlashib, tashqi omillar ta’siri ortib borayotgani qayd etildi.

Markaziy bank tahlillariga ko‘ra, iqtisodiy faollikning jadallashuvi va yalpi talabning yuqori darajada saqlanishi inflyatsion bosimlarning ma’lum darajada saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Shu sababli inflatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga yetkazish uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlash zarur deb topildi.

Yangilangan prognozlarga muvofiq, 2026 yil yakuniga kelib inflatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar hanuz prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada saqlanmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi. Yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7 foizga oshdi. Bu o‘sish, asosan, xizmatlar, savdo va qurilish sohalari faollashuvi hisobiga ta’minlangan.

Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar ham saqlanib qolmoqda. Geosiyosiy ziddiyatlar fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, logistika xarajatlarining ortishi orqali ichki inflatsiyaga qo‘shimcha bosim yuzaga kelishi mumkinligi ta’kidlandi.

Ijobiy omillar sifatida esa asosiy savdo hamkor davlatlar valutalarining mustahkamlanishi, oltin narxlarining yuqori darajada saqlanishi, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi qayd etildi. Bu holat ichki valuta bozorida taklifni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Markaziy bank kelgusida inflatsiya dinamikasi, yalpi talab va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatib boradi. Agar inflyatsion bosimlar kuchaysa yoki kutilmalar o‘ssa, pul-kredit siyosati yanada qat’iylashtirilishi mumkinligi qayd etildi.

Navbatdagi yig‘ilish 2026 yil 17-iyun kuniga belgilangan.

Теглар

Мавзуга оид