Asqar Aqayev: «Islom Karimovning yopiq siyosati sabab, Qirg‘izistonda unga haykal o‘rnatgan bo‘lar edim»
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Aqayev Islom Karimov davrida O‘zbekistonda yuritilgan yopiq iqtisodiy siyosat qirg‘iz va qozoq tadbirkorlari uchun katta imkoniyatlar ochganini ma’lum qildi.
© www.spbstu.ruQirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Aqayev podkastlardan birida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haqida fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Islom Karimovning yopiq siyosati sababli qirg‘iz va qozoqlarga keng imkoniyatlar ochilgan.
Aqayevning fikricha, agar O‘zbekiston o‘sha paytda ham hozirgidek tashqi dunyoga ochiq iqtisodiy siyosat yuritganida, qirg‘iz tadbirkorlari o‘zbek biznesi bilan raqobat qilish imkoniga ega bo‘lmas edi.
Shuningdek, Asqar Aqayev qirg‘iz xalqining savdo-sotiqni o‘zlashtirib olganiga hayron qolgani haqida gapirar ekan, o‘zining prezidentlik yillarida bunga ishonmaganligini aytdi.
«Chunki mening nazarimda bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz bilan o‘zbek birodarlar butun Markaziy Osiyoni egallab, boshqaradigandek edi. Sababi ular Sovet davridayoq bunga tayyor edi. Ammo biz barchamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U kishi o‘zbeklarni O‘zbekistonda dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu bilan u qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratib berdi. Men shu uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim. U bizga yo‘l ochib bergani uchun qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib oldi. Agar Islom Karimov mana hozir Mirziyoyev kabi O‘zbekistonni butun dunyoga ochganda edi, biz ular bilan raqobatlasha olmas edik», - deydi Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Aqayev.
Avvalroq Asqar Aqayev Issiqko‘ldagi forumda amaldagi davlat rahbari Sadir Japarovga yana 8-10 yillik vakolat berilishi kerakligini aytgan edi.





