Logo

Avtobusda chiptasiz harakatlanganlarga jarima keskin oshirilishi mumkin

Hozir amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, bunday qoidabuzarlik uchun jarima miqdori 41 ming 200 so‘mni tashkil etadi.

Avtobusda chiptasiz harakatlanganlarga jarima keskin oshirilishi mumkin © vaqt.uz

O‘zbekistonda shahar ichi va shahar atrofi avtobuslari, shuningdek, trolleybus va tramvaylarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilar uchun jarimani oshirish taklif qilinmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlanish uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan.

Ularni tayyorlash vazifasi Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 3-iyundagi qarori bilan tegishli idoralarga yuklatilgan. Ayni paytda mazkur taklif Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Jarima miqdori qancha bo‘ladi?

Yangi tartibga ko‘ra, yo‘l haqini birinchi marta to‘lamay yurgan yo‘lovchiga bazaviy hisoblash miqdorining yarmi miqdorida jarima solinishi mumkin.

1-sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘m etib belgilanishi hisobga olinsa, birinchi qoidabuzarlik uchun jarima 220 ming so‘mni tashkil etadi.

Qoidabuzarlik takrorlangan taqdirda esa jarima bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha oshirilishi taklif qilinmoqda. Bu holatda jarima 440 ming so‘mga yetishi mumkin.

Ayni paytdagi tartibga ko‘ra, chiptasiz harakatlangan yo‘lovchilarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-bandiga asosan BHMning o‘ndan bir qismi, ya’ni 41 ming 200 so‘m miqdorida jarima solinadi.

Теглар

Мавзуга оид