BAA havo hududini to‘liq ochdi, parvozlar tiklandi

Бугун 09:451 дақиқа

BAAda xavfsizlik cheklovlari bekor qilinib, havo hududi qayta ochildi, parvozlar odatiy tartibga qaytdi va aviatsiya tizimi bosqichma-bosqich tiklanmoqda.

BAA havo hududini to‘liq ochdi, parvozlar tiklandi

Birlashgan Arab Amirliklari 2-may kuni o‘z havo hududini to‘liq ochganini rasman e’lon qildi. Mamlakat Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, vaqtinchalik joriy etilgan xavfsizlik cheklovlari bekor qilingan va barcha parvozlar odatiy rejimga qaytarilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, havo qatnovlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida vaziyat doimiy ravishda monitoring qilib boriladi. Shu bilan birga, aviaqatnovlar bosqichma-bosqich to‘liq hajmda tiklanishi kutilmoqda.

Mazkur cheklovlar Yaqin Sharqda keskinlashgan vaziyat ortidan joriy etilgan edi. Xususan, AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan hujumlar va Tehronning javob zarbalari mintaqada xavfsizlik tahdidlarini kuchaytirgan.

Ushbu ziddiyatlar tufayli Fors ko‘rfazi davlatlari bir muddat fuqaro aviatsiyasi uchun o‘z havo hududini yopishga majbur bo‘ldi. Bu esa mintaqadagi aviatsiya tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Xususan, Dubay xalqaro aeroporti faoliyatining to‘xtab qolishi iqtisodiyotga katta zarar keltirgan. NDTV World baholashlariga ko‘ra, aeroport ishining to‘xtashi amirlik iqtisodiyoti uchun har daqiqada taxminan 1 million dollar yo‘qotishga teng bo‘lgan.

Aviakompaniyalar, mehmonxona biznesi va turizm sohasidagi yo‘qotishlarni ham hisobga olganda, yuzaga kelgan beqarorlik BAA iqtisodiyotiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Теглар

Мавзуга оид