Bank va yirik davlat korxonalari rahbarlarining lavozimiga mosligi tekshiriladi

Milliy investitsiya jamg‘armasi tarkibidagi tuzilmalarda rahbarlarning lavozimga mosligi xalqaro menejer ishtirokida qayta baholanadi.

Bank va yirik davlat korxonalari rahbarlarining lavozimiga mosligi tekshiriladi

«Davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–74-son qarori (25.02.2026 y.) qabul qilindi.

Hujjat doirasida Milliy investitsiya jamg‘armasi tarkibiga kiruvchi yirik kompaniyalar va banklar rahbariyatining lavozimiga mosligi tekshiriladi.

Jarayon Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda jamg‘armaning ishonchli boshqaruvchisi — «Franklin Templeton Asset Management» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, 2026-yil 1-iyulga qadar jamiyatlarning birinchi rahbarlari, moliya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda transformatsiya va xususiylashtirish uchun mas’ul o‘rinbosarlar faoliyati chuqur o‘rganiladi.

Baholash davomida rahbarlarning korporativ boshqaruv ko‘nikmalari, moliyaviy samaradorlikni ta’minlash qobiliyati, transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish tajribasi va xalqaro standartlarga muvofiqligi tahlil qilinadi.

Ma’lumot uchun, hozirda jamg‘arma tarkibida 13 ta kompaniya bor.

1

Lavozimiga mos kelmaydigan rahbarlar o‘rniga ochiq tanlov asosida yangi nomzodlar tayinlanadi.

Bu tartib davlat kompaniyalari va banklarda rahbarlik lavozimlariga tayinlovlarni shaffof va raqobat muhitida amalga oshirishni nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu qaror bilan Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO'ga chiqishi haqida xabar bergan edik.

Теглар

Мавзуга оид