«Banklar endi mijozlar uchun raqobatlashadi» — Temur Ishmetov
O‘zbekistonda biznesni kreditlash muqobil skoring platformasi ishga tushiriladi. Platforma orqali tadbirkorlar bir vaqtning o‘zida bir nechta bank takliflarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda. 25-may kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trln so‘mga yetgan bo‘lib, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 12 foiziga teng hisoblanadi. Shu bilan birga, garovsiz onlayn mikrokreditlar ulushi pastligicha qolmoqda. Bunday kreditlarni ajratish jarayoni o‘rtacha yetti kun davom etayotgani qayd etildi.
Yangi raqamli yechim
Taqdim etilgan taklifga ko‘ra, tadbirkorlar uchun yagona raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi.
Ushbu tizim orqali biznes vakillari kredit uchun ariza yuboradi, bir vaqtning o‘zida bir nechta bankdan tijorat takliflarini qabul qiladi va eng maqbul variantni mustaqil ravishda tanlay oladi.
Platforma «Elektron hukumat» tizimidagi raqamli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Bu tadbirkorlarga ortiqcha hujjat yig‘ish zaruratini kamaytiradi, vaqt sarfini qisqartiradi va inson omilini cheklashga xizmat qiladi.
Markaziy bank raisi Temur Ishmetov ta’kidlashicha, yangi tizimning asosiy maqsadi kichik biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashishdan iborat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, platforma oldiga ikki asosiy vazifa qo‘yilgan. Birinchi maqsad — tadbirkorlarni kredit olish uchun banklarga borib o‘z layoqatini isbotlashdan xalos qilish. Ya’ni kelgusida yaxshi mijozlar uchun banklarning o‘zi raqobatlashadi.
Ikkinchi maqsad esa moliyaviy intizomni oshirish hisoblanadi. Agar mijozning skoring ko‘rsatkichi past bo‘lsa, tizim uning qaysi moliyaviy munosabatlarida muammo mavjudligini ko‘rsatib beradi. Bu esa tadbirkorlarga o‘z moliyaviy xulq-atvorini yaxshilash va kredit tarixini shakllantirish imkonini beradi.
«Biz bu platforma orqali ikki asosiy maqsadni ko‘zlayapmiz. Birinchisi — tadbirkorlar endi kredit olish uchun bankma-bank yurib, o‘zining kreditga layoqatli ekanini isbotlab o‘tirmaydi. Aksincha, kreditga layoqatli va ishonchli mijozlar uchun banklarning o‘zi raqobatlashadi», — dedi Temur Ishmetov O‘zbekiston24 kanaliga bergan intervyusida.
«AI maslahatchisi» dasturi ham ishga tushiriladi
2026 yil 1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi.
An’anaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli ma’lumotlarni ham hisobga oladi.
Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘l ochadi.
Shuningdek, kelgusida sun’iy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Tijorat banklari tomonidan «AI maslahatchisi» dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlar
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.
Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.
Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 million so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.
Mirziyoyev taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, kredit tarixiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, platforma xavfsizligi va ma’lumotlarning himoyalanganligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.



