Logo

Banklarni sanatsiya qilishda baholash tartibi belgilandi

Бугун 11:252 дақиқа

O‘zbekistonda banklarni sanatsiya qilish jarayonida aktivlar qiymatini baholash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va kreditorlar huquqlarini himoya qilish tartibi belgilandi.

Banklarni sanatsiya qilishda baholash tartibi belgilandi © Vaqt.uz

Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 14-avgustdagi qarori bilan banklarni sanatsiya qilishda baholash o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. 22/9-son qaror Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Nizom bankni sanatsiya qilish jarayonida baholashni tashkil etish va o‘tkazishning aniq qoidalarini belgilaydi. Unda baholashning xolisligi va mustaqilligini ta’minlashga alohida talablar qo‘yilgan.

Jumladan:

— baholovchi tashkilotlarni tanlash va tayinlash mezonlari, shuningdek, ularning mustaqilligi, malakasi va tajribasiga qo‘yiladigan talablar;

— baholash jarayonida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlari;

— aksiyadorlar va kreditorlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida sanatsiya natijasida olingan qiymatni bank majburiy tugatilgan taqdirda olinishi mumkin bo‘lgan qiymat bilan qiyoslash asosida baholash;

— baholash natijalarini rasmiylashtirish, baholash hisobotini tayyorlash va uning qisqacha mazmunini e’lon qilish tartibi belgilandi.

Sanatsiya nima?

Sanatsiya — moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan bankni bankrot bo‘lish yoki majburiy tugatilishdan saqlab qolish va uning moliyaviy holatini tiklash jarayoni.

Bunda bankning moliyaviy holati yaxshilanishi uchun kapitalini oshirish, qarz va majburiyatlarini qayta tartibga solish, investor jalb qilish yoki boshqa moliyaviy choralar ko‘rilishi mumkin. Oddiy qilib aytganda, sanatsiya — muammoga duch kelgan bankni yopib yubormasdan, uni qayta tiklash choralari.

Yangi Nizom aynan shu jarayonda mustaqil baholash mexanizmlarini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Hujjat baholashning shaffofligini oshirish bilan birga, aksiyadorlar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид