«Bitta daraxt kesilishini tragediya qilish kerak emas» — Poytaxt hokimi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov poytaxtda daraxtlar kesilishi masalasiga munosabat bildirib, ayrim holatlarda buni «xalq manfaati» bilan bog‘lash mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, daraxtlar zaruratsiz yoki shaxsiy manfaat yo‘lida kesilsa — bu salbiy holat, ammo jamoatchilik yoki ekologiya uchun muhim loyihalar doirasida bunday qarorlar qabul qilinishi mumkin.
© Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiToshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov Gazeta muxbirining: «Shaharda daraxt kesilsa, ichingizda nima o‘tadi?» degan savoliga javob berdi.
«Kasallanmagan bo‘lsa, zaruratsiz kesib tashlangan bo‘lsa, yoki shaxsiy ehtiyojga bog‘langan bo‘lsa, albatta, mening fikrim salbiy. Lekin zararlangan daraxtni olib tashlashmi, yoki biron bir bundan ham yaxshi loyihani amalga oshirish uchun sharoit yaratish, ekologiya yoki xalq manfaati ko‘zlangan loyiha bo‘lsa, albatta, taroziga bitta daraxtni olish kerak emas... Xalq manfaati qayerda yuqori bo‘lsa, shuni ko‘rish kerak. Xudoga shukr, daraxt ekadigan joylarimiz ko‘p, ekologik muhitni yaxshilaydigan ishlarimiz turi ko‘p, shularni amalga oshiraverishimiz kerak. Bitta daraxt kesilib qolsa, yaxshi emas, lekin uni tragediya qilishimiz kerak emas», – degan shahar hokimi.
Suhbat davomida Umrzoqov davlat xizmatchilari va amaldorlarning jamoat transportidan foydalanishi haqidagi savolga ham javob berdi.
«[Amaldorlar ham] jamoat transportida yuradi, [qachonki] jamoat transportiga chiqib, ishga kechikmasdan, yarim soat – 40 daqiqada yetib oladigan imkoniyat bo‘lsa, o‘shanda jamoat transportiga o‘tadi. Men o‘ylashimcha, bu [jamoat transpotini rivojlantirish] – kapital hajmi katta loyiha, lekin o‘ylaymanki, 3–5 yillarda erishib olamiz», – degan u





