Biznes elektr uchun oldindan to‘lovni bekor qilish taklif etildi

Ishlab chiqaruvchi korxonalar elektr energiyasi uchun 100 foiz oldindan to‘lov qilish amaliyotini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab, amalda iste’mol qilingan hajm bo‘yicha hisob-kitob tizimiga o‘tish taklifini ilgari surdi.

Biznes elektr uchun oldindan to‘lovni bekor qilish taklif etildi

Savdo-sanaot palatasida tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun elektr energiyasi bo‘yicha hisob-kitob tartibi muhokama qilindi. Unda tadbirkorlar amaldagi 100 foiz oldindan to‘lov tizimi biznes faoliyatiga qo‘shimcha moliyaviy bosim yuklayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, hozir energetika sohasida hisob-kitob jarayoni avtomatlashtirilgan. Hisobdagi mablag‘ tugashi bilan elektr ta’minoti avtomatik ravishda o‘chiriladi. Shu sababli tadbirkorlar qarzdorlik yuzaga kelishi ehtimoli deyarli mavjud emasligini aytmoqda.

Qarzdorlik yuzaga kelmaydi

«Agar qarzdorlikka kirishi bilan elektrni o‘chirish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, tizim avtomatik tarzda o‘chiryapti. Shunday ekan, qarzdorlikning o‘zi bo‘lmaydi. Puli tugadimi — o‘chadi, pul tushirsa — yana ishlaydi», — dedi tadbirkorlardan biri.

Shuningdek, ayrim korxonalar uchun oldindan to‘lovni ikki qismda amalga oshirish imkoniyati joriy etilgani, ammo bu tartib amaliyotda to‘liq ishlamayotgani ham aytildi. Tadbirkorlar hali ham ko‘p holatlarda 100 foiz oldindan to‘lov qilishga majbur bo‘layotganini bildirgan.

Biznes vakillari ishlab chiqaruvchi korxonalarni faqat amalda iste’mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha to‘lov tizimiga o‘tkazishni taklif qildi. Ularga ko‘ra, bu korxonalarning aylanma mablag‘larini erkin saqlash, ishlab chiqarish jarayoni barqarorligini ta’minlash va moliyaviy yuklamani qisqartirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil avgust oyida ham biznes vakillari elektr va gaz uchun oldindan to‘lov miqdorini ikki barobar kamaytirish taklifini ilgari surgan edi.

Теглар

Мавзуга оид