Logo

Bloger Sirojiddin Odilov ishida sud tergovi qayta tiklandi

Бугун 12:033 дақиқа

Sud majlisida raislik qiluvchi ish doirasida hali dalillarga yetarlicha baho berilmagani, tekshirilishi zarur bo‘lgan holatlar borligini aytib, sud tergovini qayta tiklash haqida ajrim chiqardi

Bloger Sirojiddin Odilov ishida sud tergovi qayta tiklandi

Bugun, 17-avgust kuni JIB Jizzax shahar sudida bloger Sirojiddin Odilovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Vaqt.uz muxbiri xabar berdi.

Mahkamada raislik qiluvchi sudya Sanjar Rasulov ish doirasida hali dalillarga yetarlicha baho berilmagani, tekshirilishi zarur bo‘lgan holatlar borligi va bu ishlarga faqat sud tergovida baho berish mumkinligini inobatga olgan holda, sud tergovini qayta tiklash haqida ajrim chiqardi.

«Jinoyat ishi doirasida alohida ajratilgan holatlar bor. Shu ishlar bo‘yicha ham tergov organi ma’lumotlarini so‘raymiz. Shundan so‘ng muzokara qismi qayta o‘tkaziladi va keyin sud hukmi e’lon qilinadi. Hozir shoshma-shosharlik qilmagan ma’qul», — dedi u.

Ish doirasida navbatdagi mahkama 24-avgust, dushanba kuniga belgilandi.

«Sirojiddin Media» kim?

Sirojiddin Odilov YouTube’dagi «Sirojiddin Media» kanali orqali tanilgan bloger. U ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi videolar va chiqishlari bilan auditoriya to‘plagan.

Odilovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqidagi ilk rasmiy xabar 2026-yil 11-mart kuni tarqalgan. O‘sha paytda Samarqand viloyati IIB ma’lumotiga ko‘ra, Past Darg‘om tumanida yashovchi fuqaro bloger ustidan shikoyat qilgan. Fuqaro 2024-yil avgustida Sirojiddin Odilovga boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan. IIB ma’lumotida Odilov vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, masalani hal qilib berishni va’da qilgani va buning evaziga pul olgani, keyinchalik va’dasini bajarmagani aytilgan.

Shundan so‘ng Odilovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) hamda 211-moddasi (pora berish) bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan. Unga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan. Ammo ish sudga yetib kelgach, sudda ko‘rilayotgan ayblovlar boshqa moddalar bilan ko‘rsatilgan.

Ayblov mohiyati

Ma’lumot o‘rnida, bloger Sirojiddin Odilov Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi (tovlamachilik) hamda 168-moddasi 3-qismi «b» va «v» bandlarida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanmoqda. U shu ayblovlar bilan 9-mart kuni qo‘lga olingan.

Oldingi sud majlislarida nimalar bo‘ldi?

20-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudida bloger Sirojiddin Odilovga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud mahkamasi boshlangandi. Sud avvalida «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov sudga iltimosnoma kiritib, sudlanuvchining qaratilgan qilmishlari ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori emasligi, uning qaramog‘ida voyaga yetmagan 4 farzandi borligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, tergov davrida S. Odilovning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar yuzaga kelgani, xususan, 40 kilogrammgacha vazn yo‘qotgani, tishlari to‘kilib ketgani va unda qandli diabet kasalligi taxmin qilinayotganini bildirib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘radi.

Mazkur iltimosnomani advokatlar va sudlanuvchining o‘zi ham qo‘llab-quvvatladi. Biroq davlat qoralovchisi — prokuror Nodir Jafarov ehtiyot chorasini o‘zgartirishga e’tiroz bildirdi.

Sud hay’ati maslahatxonadan qaytgach, sudya S. Rasulov iltimosnomani rad etish haqida ajrimni o‘qib eshittirdi. Sud raisi mazkur qaror sudning yakuniy pozitsiyasi yoki jazo chorasi emasligini, biroq Odilov Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan jalb etilganini inobatga olgan holda, amaldagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qoldirilganini tushuntirdi.

24-iyul kuni ikkinchi sud bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan umumiy 6 ta epizoddan 5 tasi bo‘yicha ish tafsilotlari o‘rganildi. Majlis davomida jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari tinglanib, ular sudya, prokuror hamda advokatlar tomonidan so‘roq qilindi.

Blogerga oid sud ishining 11-avgust kuni davom etgan navbatdagi majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchiga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishini so‘radi.

Теглар

Мавзуга оид