Logo

«BRB» va «Xalq banki» ham xususiylashtiriladi

Бугун 15:252 дақиқа

Yangi Fiskal strategiyaga ko‘ra, davlat ulushi faqat «Milliy bank», «Agrobank» va «MKBANK»da saqlab qolinadi.

«BRB» va «Xalq banki» ham xususiylashtiriladi © Kollaj: Vaqt.uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya ishlab chiqdi. Hujjatga ko‘ra, davlat ishtiroki endi asosan «Milliy bank», «Agrobank» va «Mikrokreditbank»da saqlab qolinadi. Bu esa qolgan oltita davlat banki kelgusida xususiylashtirilishi mumkinligini anglatadi.

Biroq tasdiqlangan «O‘zbekiston–2030» strategiyasiga ko‘ra, 2030 yilga qadar beshta davlat banki xususiylashtirilishi va natijada davlat ixtiyorida to‘rtta bank qolishi belgilangandi. Yillar kesimida davlat banklari soni bosqichma-bosqich qisqarishi keltirilgandi: 2027-yilda 7 ta, 2028-yilda 6 ta, 2029-yilda 5 ta va 2030 yilda 4 ta.

2027–2029-yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiya muvofiq, «O‘zsanoatqurilishbank», «Asakabank», «Aloqabank», «Turonbank», «Xalq banki» va «Biznesni Rivojlantirish Banki» davlat ishtiroki saqlanadigan banklar ro‘yxatidan chiqarilgan. Biroq hujjatda ularni xususiylashtirish yoki davlat ulushini qisqartirish bo‘yicha aniq muddatlar keltirilmagan. «Milliy bank» esa strategik korxonalar hamda investitsiya loyihalariga bozor shartlari asosida xizmat ko‘rsatuvchi tizimli ahamiyatga molik muassasa sifatida faoliyat yuritishi belgilangan.

Fiskal strategiya ayrim davlat banklarini xalqaro moliya institutlari ishtirokida transformatsiya qilish rejalarini ham o‘z ichiga olgan. Xususan, «O‘zsanoatqurilishbank» Xalqaro moliya korporatsiyasi, «Aloqabank» Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida isloh qilinadi. «Turonbank» bo‘yicha esa xalqaro konsultantlar jalb qilingan holda xususiylashtirish imkoniyatini o‘rganish rejalashtirilgan.

«Asakabank»ni transformatsiya qilish jarayoni YeTTB bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Prezidentning 2026-yil 20-apreldagi qaroriga muvofiq, bankni xususiylashtirishga tayyorlash choralari tasdiqlangan. Shuningdek, YeTTBning bankdagi 15 foiz aksiyalar paketini sotib olishi bo‘yicha kelishuv imzolangan.

Yangilangan strategiyada «Xalq banki» va «Biznesni Rivojlantirish Banki» davlat ishtiroki saqlanadigan banklar qatorida tilga olinmagan. Yil boshida «Xalq banki»ning 30 foiz aksiyalar paketi Milliy investitsiya jamg‘armasi portfelidan chiqarilgan. Biroq hozircha mazkur ikki bankni xususiylashtirish, davlat ulushini qisqartirish yoki boshqa investorga o‘tkazish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilinmagan. Hozirda ularning kelgusi maqomi bo‘yicha savollar ochiq qolmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda eng so‘nggi xususiylashtirilgan davlat banki «Poytaxt bank» hisoblanadi. Bank 2024-yilda BAAning «Bond Investment Limited» kompaniyasi tomonidan 10 mln dollarga sotib olingan.

Теглар

Мавзуга оид