Logo

Britaniyaning uch qismi mustaqillik uchun birlashdi

Бугун 10:002 дақиқа

Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya rahbarlari Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Britaniyaning uch qismi mustaqillik uchun birlashdi

Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiyaning birinchi vazirlari o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini mustahkamlovchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda «BBC» nashri xabar bermoqda.

Jon Suinni (Shotlandiya milliy partiyasi), Rin ap Yorvert (Uels partiyasi) va Mishel OʼNil («Shinn Feyn») Uelsning Kardiff shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Buyuk Britaniya hukumati konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga «tayyorgarlik ko‘rishi» kerakligini e’lon qildi. Ularning fikricha, Britaniya hukumati demokratiyaga to‘sqinlik qilish huquqiga ega emas.

«Vestminsterning vaqti o‘z nihoyasiga yetmoqda», — deya birinchi vazirlarning bayonotidan iqtibos keltiradi «BBC» nashri.

Matbuot anjumanida Suinni va OʼNil yaqin kelajakda Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish bo‘yicha referendumlar o‘tkazishga chaqirdi.

Nashrning qayd etishicha, Buyuk Britaniyaning to‘rtta qismidan uchtasining hukumatlariga birinchi marta millatchi partiyalar vakillari rahbarlik qilmoqda va bu ularning ilk bor shunday formatidagi uchrashuvidir.

Mustaqillik referendumlarini o‘tkazishdagi qonuniy to‘siqlar

Ma’lumot uchun, Shotlandiya 2014 yilda Buyuk Britaniyadan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazgan edi. O‘shanda mamlakatni Buyuk Britaniya tarkibida saqlab qolish tarafdorlari taxminan 10 foizlik ustunlik bilan g‘alaba qozongan.

2016 yilda Buyuk Britaniya aholisi Yevropa Ittifoqidan chiqish uchun ovoz berganidan so‘ng, Shotlandiya rasmiylari yangi mustaqillik referendumini o‘tkazish niyatida ekanliklarini e’lon qilgandi. Biroq Britaniya sudlari Shotlandiya hukumati bunday referendumlarni mustaqil ravishda belgilay olmaydi, degan xulosaga kelgan.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Shimoliy Irlandiyani Irlandiya bilan qayta birlashtirish bo‘yicha referendumni ham faqat Buyuk Britaniya hukumati tayinlashi mumkin.

Shuningdek, Ittifoqdan chiqish bo‘yicha ilgari referendum o‘tkazishga urinmagan Uels hukumatida ham bunday harakatlar uchun qonuniy huquq mavjud emas.

Теглар

Мавзуга оид

Britaniyaning uch qismi mustaqillik uchun birlashdi | Vaqt.uz