Bugun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi London fond birjasida IPOga chiqadi

Бугун 09:233 дақиқа

Rasmiy marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimov va boshqa mas’ullar ishtirok etishi kutilmoqda.

Bugun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi London fond birjasida IPOga chiqadi © Reuters

Bugun, 18-may kuni London fond birjasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg‘armasi aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) jarayoniga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston milliy axborot agentligi xabar berdi.

«Mazkur voqea mamlakatimiz kapital bozorini xalqaro moliya maydoniga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarixida yangi sahifa ochadi», - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, kutilayotgan IPO O‘zbekistonning jahon moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, korporativ boshqaruvning zamonaviy standartlari va shaffof tizimni joriy etishga kuchli turtki beradi. Bu jarayon, ayni paytda, xorijiy hamkorlarning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy yangilanishlarga bo‘lgan yuqori ishonchini namoyon etadi va xalqaro investorlarga mamlakat iqtisodiyoti hamda mahalliy kompaniyalar salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.

Rasmiy marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi Obid Hakimov va boshqa mas’ullar ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Oldingi natijalar

Toshkent fond birjasida qariyb 47,9 mlrd dona UzNIF aksiyasi sotilgan. Jismoniy shaxslar uchun aksiya narxi 4,65 so‘m qilib belgilangan bo‘lib, 12 mlrd so‘mgacha buyurtma bergan investorlarga 5 foizlik chegirma qo‘llanildi. Natijada ular aksiyalarni 4,41 so‘mdan xarid qildi.

London fond birjasida esa 1,5 trln donaga yaqin aksiya 23,4 mln dona global depozitar tilxat — GDR shaklida joylashtirildi. Har bir GDR narxi 25 dollar qilib belgilandi.

Jalb qilingan mablag‘larning umumiy summasi qariyb 603,6 mln dollarni tashkil etdi. Barcha qimmatli qog‘ozlarni amaldagi aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi sotgani sababli, kompaniyaning o‘zi IPO mablag‘larini olmaydi.

Shuningdek, kelgusi 30 kun ichida qo‘shimcha joylashtirish opsioni doirasida yana 3,5 mln donagacha GDR sotilishi mumkin. Agar ushbu mexanizm to‘liq ishga tushirilsa, IPO doirasida sotilgan ulush 35 foizgacha, jalb qilingan mablag‘ hajmi esa 692 mln dollargacha yetadi.

Birlamchi joylashtirish narxidan kelib chiqib, Milliy investitsiya jamg‘armasining bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarga baholandi.

Avvalroq investorlar talabi taklif hajmidan to‘rt barobardan ko‘proq bo‘lganligi haqida xabar berilgandi. Asosiy investorlar qatorida BlackRock, Franklin Resources va Redwheel ishtirok etdi.

Milliy investitsiya jamg‘armasi

Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) 2024 yilda prezident qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning ishonchli boshqaruvchisi sifatida ham Franklin Templeton tayinlangan. Jamg‘arma portfeli 13 ta davlat korxonasining aktivlari asosida shakllantirilgan. Hozirda jamg‘armaning sof aktivlari qiymati 2,4 milliard dollarga baholanmoqda.

UzNIF tarkibiga «Hududiy elektr tarmoqlari», «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekgidroenergo», «O‘zbektelekom», «Uzbekistan Airways», «Temiryo‘linfratuzilma», «Hududgazta’minot»>, «Toshshahartransxizmat», «O‘zbekiston MET» AJ, «O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi», «O‘zbekinvest», «O‘zsuvta’minot» va «O‘zsanoatqurilishbank» kabi strategik korxonalar kiritilgan.

Jamg‘armaning asosiy vazifalari aktivlar bozor qiymatini oshirish, xalqaro institutsional investorlarni jalb qilish, korporativ boshqaruvni kuchaytirish hamda ESG tamoyillarini joriy etishdan iborat.

IPO nima beradi?

IPO — kompaniya yoki davlat korxonasining aksiyalarini ilk bor keng jamoatchilikka taklif qilishi va fond birjasiga chiqishi jarayoni hisoblanadi. Bu orqali davlat aktivlari ochiq bozorda investorlarga taklif etiladi va xususiy kapital jalb qilinadi.

IPO’ning asosiy maqsadi faqat mablag‘ jalb qilish emas, u davlat kompaniyalarida xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini joriy qilish, korporativ boshqaruvni yaxshilash va shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, UzNIF aksiyalarining joylashtirilishi portfeldagi yirik davlat kompaniyalarini kelajakda IPO’ga tayyorlashning birinchi bosqichi sifatida baholanmoqda. Rejalarga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida «Uzbekistan Airways», «Milliy elektr tarmoqlari», «O‘zbektelekom», «O‘zbekgidroenergo», «Hududiy elektr tarmoqlari» va «Hududgazta’minot» kompaniyalarini birjaga chiqarish rejalashtirilgan.

Теглар

Мавзуга оид