«Bugungi yig‘ilishda faqat bitta masala ko‘rib chiqildi» — Temur Ishmetov

Бугун 15:321 дақиқа

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi stavkani o‘zgarishsiz — 14 foiz darajasida saqlab qoldi. VAQT.UZ muxbirining ma’lum qilishicha, regulyator bugungi yig‘ilishda faqat bitta masalani ko‘rib chiqqan.

«Bugungi yig‘ilishda faqat bitta masala ko‘rib chiqildi» — Temur Ishmetov

Markaziy bank raisi Temur Ishmetovning ma’lum qilishicha, boshqaruv yig‘ilishida faqat bir — asosiy stavkani saqlab qolish masalasi ko‘rildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiya pasayish tendensiyasi saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, bu jarayon sekinlashgan. Ayniqsa, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxining yuqoriligi inflyatsion bosimni saqlab qolmoqda.

«Inflatsiyaning — ham umumiy inflatsiya, ham bazaviy inflatsiyaning pasayishi davom etmoqda. Bu ijobiy holat, lekin shu bilan birga pasayish tendensiyasi sekinlashgan».

Shuningdek, u ayrim mahsulotlar, xususan, aholi uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarida narxlar kutilganidan yuqori o‘sishda davom etayotganini qayd etdi.

«Ayrim mahsulotlar bo‘yicha pasayish yuzaga kelmaganligi, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarida narx o‘sishi inflyatsion kutilmadan yuqoriroq darajada shakllanib qolmoqda».

Ishmetovga ko‘ra, inflatsiya darajasi 7,1 foizgacha tushganiga qaramay, stavkani pasaytirish uchun yetarli sharoit hali shakllanmagan. Bunga ichki omillar bilan birga tashqi xatarlar ham ta’sir qilmoqda.

«Ijobiy tendensiyani ko‘ryapmiz, lekin u sekinlashgan va tashqi xatarlar mavjudligini inobatga olib, stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishga qaror qildik».

Markaziy bank rahbari qat’iy pul-kredit siyosati hozirgi sharoitda inflatsiyani nazorat qilish uchun zarur ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi marta asosiy stavka 2025 yil 20-mart kuni 0,5 foizga oshirilgan edi. Shundan buyon u o‘zgarishsiz saqlab qolinmoqda.

Теглар

Мавзуга оид