Buxoroda SSB rahbari pora bilan ushlandi

Бугун 11:252 дақиқа

Buxoro viloyatida tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari 11,8 ming dollar pora olish va mukofot pullarini o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.

Buxoroda SSB rahbari pora bilan ushlandi © DXX matbuot xizmati

Buxoro viloyatidagi tumanlardan birida sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va tadbirkordan noqonuniy pul talab qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro viloyatidagi tumanlardan birining sog‘liqni saqlash bo‘limi hamda dori-darmon va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ o‘rtasida 1 mlrd 2 mln so‘mlik shartnoma tuzilib, tibbiy buyumlar xarid qilingan. 

Dastlab, umumiy summaning 30 foizi MCHJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Ammo, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri qolgan 70 foiz mablag‘ni ko‘chirib berish hamda kelgusidagi xaridlarni ham ushbu MCHJ orqali amalga oshirish evaziga yuqoridagi shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotlar umumiy qiymatining 15 foizini, ya’ni 150 mln so‘m miqdorida «ulush» talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 11800 AQSH dollarini o‘zining turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Shuningdek, u joriy yilda tumandagi oilaviy poliklinikalar xodimlari uchun yarmini qaytarish sharti bilan jami 448 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirish mablag‘lari ajratib, ushbu summaning 92 mln so‘m qismini qayta yig‘ib olganligi ham aniqlangan.

Holat yuzasidan sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘iga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi «b», «v» bandlari va 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi «g» bandi bilan, MCHJ vakiliga esa 211-moddaning (pora berish) 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид