Logo

Chipta topish qiyin bo‘lgan poyezdlarni tanqid qilgan hokim, noqonuniy qurilishning har bir kvadratiga 2,2 mln so‘mlik jazo va 60 mln dollarlik mayiz eksporti — 12-avgust dayjesti

Кеча 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Chipta topish qiyin bo‘lgan poyezdlarni tanqid qilgan hokim, noqonuniy qurilishning har bir kvadratiga 2,2 mln so‘mlik jazo va 60 mln dollarlik mayiz eksporti — 12-avgust dayjesti

«Chiqqan odam kasal bo‘ladi, tanish-bilishsiz bilet ololmaysan» — Surxondaryo hokimi

Surxondaryo hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatdagi temir yo‘l, aviaqatnov va shaharlararo transport xizmatlarini keskin tanqid qildi. U poyezdlarda sovitish tizimi ishlamasligi, vagonlar to‘lib ketishi va bilet topish qiyinligini aytdi. Hokim aviabiletlar savdosida ham shaffoflikni ta’minlash, tanish-bilishchilik va vositachilikka yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.

Qosimov mas’ullarga Toshkent va Sariosiyo yo‘nalishlaridagi poyezdlar, vokzal va aeroportlardagi sharoitlarni bir hafta ichida tekshirib, kamchiliklarni bartaraf etishni topshirdi. Biletlar onlayn tarzda ochiq sotilishi, yo‘lovchilar uchun xizmat sifati yaxshilanishi va transport infratuzilmasidagi muammolar bartaraf etilishi kerak.

Rossiyada dron hujumida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari olib kelindi

Rossiyaning Tatariston hududida dron hujumi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar o‘zbekistonlikning jasadlari 12-avgust kuni O‘zbekistonga olib kelindi. Hodisada yana bir necha vatandosh turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonada qolmoqda.

Prezident topshirig‘i bilan tuzilgan Hukumat komissiyasi halok bo‘lganlarning jasadlarini olib kelish, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etdi. 11-avgust kuni Nijnekamsk shahrida yuz bergan hodisada qurbonlar qurilish korxonasida ishlagan.

Alisher Qodirov: Noqonuniy qurilish endi quruvchiga juda qimmatga tushishi kerak

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida noqonuniy qurilish va shaharsozlik talablarini qo‘pol buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi. Qonun loyihasida bunday kompaniyalardan har bir kvadrat metr uchun 2,2 mln so‘mdan undirish taklif etilmoqda. Deputat Alisher Qodirov amaldagi jazolar noqonuniy qurilishni to‘xtatish uchun yetarli emasligini, sohada korrupsiya xavfi yuqoriligini ta’kidladi.

Qodirovning fikricha, jarima quruvchi uchun noqonuniy qurilishdan olinadigan daromaddan ko‘ra qimmatga tushishi kerak. Uning ta’kidlashicha, asosiy mezon tadbirkorlik manfaati emas, aholi hayoti va xavfsizligi bo‘lishi lozim. Qonun loyihasi 88 nafar deputat tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, 15 nafari qarshi ovoz berdi va hujjat ikkinchi o‘qishga tayyorlanadi.

O‘zbekistonga 7 oyda 7,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh keldi

Yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 7,75 mlndan ortiq xorijiy sayyoh keldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,6 foiz ko‘p. Turistlarning asosiy qismi Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan kelgan, keyingi o‘rinlarda Rossiya, Afg‘oniston va Xitoy qayd etilgan.

Shu davrda turistik xizmatlar eksporti 3,9 mlrd dollarga yetib, yillik hisobda 56 foizga oshdi. Aeroportlarda yo‘lovchilar oqimi ham ko‘payib, yanvar–iyun oylarida 8,15 mln kishiga yetdi. Mazkur davrda 705 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil qilinib, ulardagi o‘rinlar soni 202,6 mingtaga yetgan.

O‘zbekistonda kapital bozori uchun yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekistonda kapital bozorini tartibga solishga qaratilgan yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. 16 bob va 123 moddadan iborat hujjatda opsion, svop, fyuchers, forvard va sukuk kabi moliyaviy vositalarni joriy etish, investorlar huquqini himoya qilish va bozor infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish taklif etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, 2030 yilgacha fond bozoriga 10 trln so‘m investitsiya jalb qilish maqsad qilingan. Shuningdek, sukuk uchun alohida huquqiy mexanizm yaratish, markaziy kontragent va obligatsiya egalari vakili institutlarini joriy etish, mahalliy kompaniyalarning xorijiy kapital bozorlariga chiqishi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Kapital bozorida o‘sish ham qayd etilgan: fond birjasidagi savdolar hajmi 2023 yildagi 2,9 trln so‘mdan 2025 yilda 17,6 trln so‘mga yetgan.

O‘zbekiston yarim yilda mayizdan 60 million dollar daromad oldi

2026 yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston 57 ta davlatga 47,7 ming tonna mayiz eksport qildi. Eksport qiymati 60 mln dollarni tashkil etdi.
Mayizning eng yirik xaridorlari Qozog‘iston — 15,2 ming tonna, Xitoy — 6 ming tonna, Rossiya — 5,6 ming tonna va Turkiya — 3,9 ming tonna bo‘ldi.

Germaniyaga 1 ming tonna, Braziliyaga esa 994,2 tonna mayiz yetkazib berilgan.
2024 yilda O‘zbekiston 53 ming tonna mayiz eksport qilib, dunyoda yettinchi o‘rinni egallagan.

Теглар

Мавзуга оид