Davron Vahobov «Korxonalarni xodimlar maoshiga qarab «qizil», «sariq», «yashil» toifaga ajratish kerak»

18.02.2026 | 17:452 дақиқа

Davlat xaridlarida ishtirok etayotgan biznes vakillarining katta qismi xodimlar soni va maoshini kamaytirib ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi.

Davron Vahobov «Korxonalarni xodimlar maoshiga qarab «qizil», «sariq», «yashil» toifaga ajratish kerak»

18-fevral kuni Toshkent shahrida o‘tgan hukumat va tadbirkorlar uchrashuvida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov davlat xaridlarida ishtirok etayotgan tadbirkorlar soliq yukini kamaytirish uchun xodimlar soni va ularga to‘lanadigan oyliklarni sun’iy ravishda pasaytirib ko‘rsatayotganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, davlat xaridlari yillik 307 trln so‘mlik yirik bozor hisoblanadi va tadbirkorlar uchun daromad olish imkoniyati yaratilgan. Biroq amalda ayrim kompaniyalar «obnal» firmalar kabi faoliyat yuritib, faqat olish-sotish bilan cheklanmoqda.

«Bugun sohadagi tadbirkorlardan 35 foizi xodimlariga 1 million so‘m, 26 foizi 2 million 600 ming so‘m oylik beryapti. Savol tug‘iladi, sizlarga hamma sharoitlar yaratilgan bo‘lsa, nega oylikni kam yozyapsizlar? Hozir sizlar kabi yirik xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalarda buxgalter 2 million 600 ming so‘m oylikka ishlaydimi? Yoki shu pulga operator ishlaydimi? Korxonalarning 47 foizida bor-yo‘g‘i ikki nafardan xodim ishlayotgani ko‘rsatilgan. Aytaylik, shunaqa professional sohada mahsulot yetkazib berish, o‘qitish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun ikki nafar odam yetadimi? Men bu ma’lumotlarni ekranga qo‘yishga uyalyapman. Sizlarni vazirlik va idoralar vakillari oldida uyaltirib qo‘ygim kelmayapti. Ochiq ishlanglar», dedi u.

Qonuniy ishlash talablari faqat davlat korxonalariga emas, xususiy sektorga ham teng qo‘llanilishi shart

Palata raisi qonuniy ishlash talablari faqat davlat korxonalariga emas, xususiy sektorga ham teng qo‘llanilishi kerakligini aytdi. U kamida 8–9 mln so‘m maosh to‘laydigan tadbirkorlar uchun alohida mezon joriy etishni taklif qildi. Yangi tizimga ko‘ra, korxonalar xodimlar maoshiga qarab «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vahobov qurilish sohasida ayrim tadbirkorlar ruxsat etilgan loyihadan chetga chiqib, boshqa obyektlar barpo etayotganini tanqid qilgan edi. Shuningdek, mamlakatda 4 mln nafardan ortiq fuqaro norasmiy ishlayotgani, soliq stavkalari pasaytirilganiga qaramay, ularning rasmiy sektorga o‘tmagani bildirilgan.

Теглар

Мавзуга оид