Dubay nega portlashlar ichida qoldi?
AQSH va Isroilning kutilmagan hujumiga javob sifatida Eron 28-fevral kuni ko‘rfaz bo‘ylab raketa va dron hujumlarini amalga oshirdi. Biroq asosiy zarbani Dubay qabul qilgandek ko‘rindi.
Dubay mintaqaning hordiq va ko‘ngilochar markazi hisoblanadi; bu yerda yirik biznes kelishuvlari imzolanadi. Biroq shu kunlarda shaharni quyuq tutun va alanga qopladi – raketa va dronlar yomg‘irdek yog‘dirildi.
Bu zarbalar nafaqat geosiyosiy ahamiyatga ega, balki Yaqin Sharqdagi tinchlik va savdo «vohasi» sifatidagi Dubay nufuziga ham putur yetkazdi. Dubay pandemiyadan keyin aktivlar narxining keskin o‘sishi, kriptovalyuta bozorining jonlanishi va masofaviy ish formati kengayishi ortidan dunyoda eng katta manfaat ko‘rgan shaharlardan biri bo‘ldi.
Past soliq stavkalari va soddalashtirilgan byurokratiyadan unumli foydalangan holda, Dubay ishbilarmonlar uchun o‘ziga xos magnitga aylandi. Uning moliyaviy institutlari esa oltin savdosi bilan shug‘ullangan sudanlik qurolli guruh yetakchilaridan tortib, Sharqiy Yevropadagi urushdan qochgan rossiyalik va ukrainalik ekspatlar uchun ham boshpana vazifasini bajarib kelgan. Dubayning ko‘chmas mulk bozori uning muvaffaqiyatining yaqqol isbotidir – 2020 yildan beri narxlar 75 foizga oshgan.
Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Yaqin Sharqdagi cho‘zilgan urush katta-kichik investorlarni ikki marta o‘ylab ko‘rishga majbur qilishi mumkin. 28-fevral kuni Dubaydan chiqqan eng ramziy tasvirlardan biri besh yulduzli «Fairmont The Palm» mehmonxonasi hududini alanga qamrab olgani bo‘ldi. Ayrim sharhlarda yong‘in havo hujumidan himoya qiluvchi raketa parchalari tufayli chiqqan deyilgan bo‘lsa-da, bir nechta videolar mehmonxona Eron droni tomonidan urilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Dubay Eron zarbalari oqibatida vayron qilinmadi, ammo yuzaga kelgan oqibatlar shahar Yaqin Sharqning beqaror siyosatidan himoyalangan emasligini ko‘rsatdi. Bu esa aktivlar narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va erkin harakatlanuvchi investorlarni o‘z qarorlarini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin.
Eron hujumi paytida BAA rasmiylari dunyodagi eng baland bino – Burj Halifni evakuatsiya qilishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, dunyodagi eng tirband aeroportlardan biri sifatida e’tirof etilgan «Al Maktoum International Airport» reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatdi.
Eron hujumlari mintaqaviy biznes «pufaklari» Isroil va AQSH siyosatchilari qarorlariga qanchalik bog‘liq ekanini ko‘rsatib berdi. Dubay atrofida ayrim portlar AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kemalarini qabul qiladi, ammo zarbalar shu jihati bilan ham ahamiyatli bo‘ldiki, shahar ma’lum AQSH harbiy bazalari yaqinida joylashmagan. Bu esa Eron Dubayni uning biznes markazi sifatidagi ahamiyati tufayli nishonga olganini anglatishi mumkin.
Теглар






