Dunyo bo‘linayotgan payt: O‘zbekiston qanday yo‘l tanlashi kerak?
Dunyoda kuchlar muvozanati o‘zgaryapti. Ittifoqlar parchalanmoqda, yangi raqobatlar avj olmoqda. Bu jarayonlar O‘zbekiston iqtisodiyoti, ish o‘rinlari va oddiy odamlar hayotiga qanday ta’sir qiladi? Yangi dunyo tartibotida mamlakatimiz qaysi yo‘lni tanlashi kerak?
So‘nggi yillarda dunyodagi siyosiy va iqtisodiy manzara keskin o‘zgardi. Kecha yaqin sherik bo‘lgan davlatlar bugun bir-biriga raqib yoki aksincha ittifoqchiga aylanmoqda. Yangi ittifoqlar tuzilyapti, eski kelishuvlar parchalanyapti. Katta davlatlar o‘rtasidagi raqobat nafaqat diplomatiyada, balki urushlar, sanksiyalar va energiya bozori orqali ham namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayonlar har bir mamlakatni, hatto oddiy odamning kundalik hayotini ham bevosita ta’sir ostiga qo‘ymoqda.
Bugun AQSH, Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi raqobat global tizimni qayta shakllantirmoqda. Ukraina urushi, G‘azo mojarosi va boshqa qarama-qarshiliklar butun dunyoda xavfsizlik hissini susaytirdi. Energiya narxlari oshib, bozorlar beqarorlashdi. Migratsiya kuchaydi. Ish o‘rinlari va narx-navo masalasi har bir xonadonda muhokama qilinadigan mavzuga aylandi.
Xalqaro tizimni tartibga solishga mas’ul deb qaralgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa ko‘p hollarda ta’sirsiz ko‘rinmoqda. Bu esa dunyoda yangi tartib shakllanyaptimi, degan savolni yanada dolzarb qiladi.
Albatta, bu o‘zgarishlardan O‘zbekiston ham chetda emas. Energiya narxi, eksport bozorlari, mehnat migratsiyasi, milliy valuta barqarorligi — barchasi tashqi jarayonlar bilan bog‘liq. Xo‘sh, dunyodagi bu o‘zgarishlar mamlakat va o‘zbekistonliklar hayotiga qanday ta’sir qiladi? Qaysi yo‘l to‘g‘ri? Qanday qarorlar kelajakni belgilaydi? O‘zbekiston uchun yaqin yillardagi real xavf qaysi tomondan kelishi mumkin?
«Fikr vaqti»ning navbatdagi sonida ayni shu savollarga javob izladik. Dastur mehmonlari — iqtisodchi Bahodir G‘aniyev va siyosatshunos Hamid Sodiq.
Теглар






