Logo

Dunyoning eng yaxshi universitetlari ma’lum qilindi

Кеча 21:142 дақиқа

Jahon universitetlari reytingi markazi (CWUR) 2025–2026 yillar uchun dunyodagi eng yaxshi universitetlar top-1000 reytingini e’lon qildi. O‘zbekistonning birorta universiteti esa ro‘yxatdan joy olmadi.

Dunyoning eng yaxshi universitetlari ma’lum qilindi

CWUR tomonidan e’lon qilingan 2025–2026 yilgi reytingda birinchi o‘rinni Garvard universiteti egalladi. Uning ortidan Stenford universiteti va Massachusets texnologiya instituti joylashgan. Kuchli o‘nlikdan Kembrij va Oksford universitetlari ham o‘rin olgan bo‘lib, qolgan pozitsiyalarni Yel, Pensilvaniya, Kolumbiya hamda Kaliforniya texnologiya instituti kabi nufuzli ta’lim muassasalari egalladi.

Tashkilot prezidenti Nadim Mahassenning ta’kidlashicha, yetakchi universitetlar bilan boshqa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi farq yil sayin kengayib bormoqda. Uning fikricha, reytingda yuqori natijalarga erishishning asosiy omili ilmiy tadqiqotlar hisoblanadi. Shu bois hukumatlar universitetlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun ilm-fan sohasiga ko‘proq sarmoya yo‘naltirishi zarur.

Qaysi mamlakat universitetlari yetakchi?

Bu yilgi reytingga 60 dan ortiq mamlakatning universitetlari kiritildi. Ro‘yxatda AQSHning 200 dan ziyod, Xitoyning 100 dan ortiq va Buyuk Britaniyaning 60 dan ziyod oliy ta’lim muassasasi mavjud. Shuningdek, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar ham keng vakillik qildi.

CWUR reytingi universitetlarning taqdim etgan ma’lumotlariga emas, balki mustaqil baholash mezonlariga asoslanadi. Bunda bitiruvchilarning xalqaro muvaffaqiyatlari, ish bilan ta’minlanish darajasi, akademiklar yutuqlari, ilmiy maqolalar soni, ularning nufuzi hamda iqtibos keltirilish ko‘rsatkichlari inobatga olinadi.
Jahon universitetlari reytingi markazi ta’lim sifati, tadqiqotlar samaradorligi va innovatsion faoliyatni baholash orqali dunyodagi eng yirik universitetlar reytinglaridan birini shakllantirib kelmoqda.

Теглар

Мавзуга оид