Ekspansiya davom etmoqda: yevropaliklarning yarmidan ko‘pi Xitoy avtomobillariga xaridor bo‘lmoqchi
Yevropa avtomobil gigantlari yangi bosim ostida: iste’molchilar Xitoy brendlarini faol ko‘rib chiqmoqda, raqobat esa texnologiya maydoniga ko‘chmoqda.

Yevropa avtomobil bozorida iste’molchilar kayfiyatida katta o‘zgarish yuz bermoqda. «Bernstein» tahlilchilari o‘rgangan «Horváth & Partner» tadqiqoti ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa haydovchilarining 55 foizdan ortig‘i Xitoy brendidagi avtomobil sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Taqqoslash uchun, 2023-yil oxirida bu ko‘rsatkich atigi 43 foiz edi. Bu haqda «Investing.com» xabar berdi.
«Sifat to‘sig‘i» yengib o‘tildi
Avval Xitoy avtomobillariga nisbatan mavjud bo‘lgan shubha tez sur’atlarda yo‘qolmoqda. Hozirda yevropaliklarning faqat 21 foizi bunday avtomobillarni mutlaqo rad etadi, holbuki ikki yil oldin bu ko‘rsatkich qariyb 46 foizni tashkil etgan.
Mamlakatlar kesimida
Ispaniya va Vengriya – eng yuqori ochiqlik: iste’molchilarning 75 foizi Xitoy avtomobillarini sotib olishga tayyor
Italiyada 64 foiz haydovchi Xitoy brendlariga qiziqish bildirmoqda
«Volkswagen» va «BMW» vatani hisoblangan Germaniyada ham qiziqish 46 foizgacha oshgan
Bu tendensiya Yevropa bozorida raqobat keskin kuchayayotganini va Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari ta’siri ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Nega yevropaliklar ustuvorliklarni o‘zgartirmoqda?
Tahlilchilarga ko‘ra, bu o‘zgarishning ikki asosiy sababi bor. Xitoy ishlab chiqaruvchilari akkumulator texnologiyalari va dasturiy ta’minotdagi ustunligidan foydalanib, nisbatan arzon narxda premium funksiyalarni taklif qilmoqda.
Xavfsizlik va ishonchlilik hali ham muhim bo‘lib qolsa-da, iste’molchilar tobora «texnologik» omillarga ko‘proq ahamiyat bermoqda:
tez quvvatlanish
akkumulator zaxirasi (probeg)
zamonaviy multimedia tizimlari
Yevropa gigantlari uchun chaqiriq
«BYD», «MG» va «NIO» kabi brendlar endi «ekzotika» sifatida qabul qilinmayapti. «Albatta sotib olaman» deganlar soni ikki yil ichida ikki baravarga oshib, 13 foizga yetgan.
Bu Yevropa avtokonsernlari uchun jiddiy signal hisoblanadi – bozor ulushini himoya qilish imkoniyati tobora qisqarmoqda. Raqobat endi faqat narx atrofida emas, balki texnologik ustunlik uchun kurashga aylanmoqda.





