Elektromobili borlarga imtiyoz, bepul beriladigan dorilar ro‘yxati va yildan yilga pasayotgan gaz qazib olish - 4-may dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Aholiga beriladigan bepul dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi
O‘zbekistonda aholiga bepul beriladigan dori vositalari ro‘yxati tasdiqlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, reimbursatsiya dasturi doirasida 69 turdagi dori vositasi davlat tomonidan qoplab beriladi va yangi tartib 2027 yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Ro‘yxatga onkologik, ruhiy, yurak-qon tomir va endokrin kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan preparatlar kiritilgan. Jumladan, Aspirin, Bisoprolol, Omeprazole kabi dori vositalari ham qamrab olingan.
Tartibga ko‘ra, bemorlar oilaviy shifokor bergan elektron retsept asosida shartnoma tuzilgan dorixonalardan ushbu dori vositalarini bepul oladi. Bu mexanizm surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar uchun uzluksiz davolanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Endi O‘zbekistonda chet el valutasida obligatsiyalar chiqarish mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda «Tartibga solish qumdoni» rejimi doirasida chet el valutasida obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berildi. Adliya vazirligi 29-aprel kuni tegishli hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi va yangi mexanizm kapital bozori imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, rezident yuridik shaxslar (auditorlik xulosasiga ega bo‘lgan holda) valuta obligatsiyalarini chiqarishi mumkin. Bir emitent uchun umumiy limit 50 mln dollar ekvivalentidan oshmasligi belgilangan. Obligatsiyalar ta’minlangan yoki ta’minlanmagan holda chiqarilishi mumkin, ammo kapitaldan ortiq qismi uchun ta’minot talab etiladi.
Mazkur jarayonlarni nazorat qilish Istiqbolli loyihalar milliy agentligi zimmasiga yuklatilgan. Yangi tartib investorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy instrumentlar yaratish va bozorni rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
AQSHdan 26 o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi
1-may kuni AQSHdan 26 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qildi. Qayd etilishicha, ushbu shaxslar mamlakatda qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan va deportatsiya chegara xavfsizligini ta’minlash choralari doirasida amalga oshirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp prezidentlikka kelganidan beri 1000 dan ziyod o‘zbekistonlik AQSHdan chiqarib yuborilgan. Elchixona noqonuniy kirgan shaxslar qamoq jazosiga tortilishi va mamlakatdan deportatsiya qilinishi mumkinligini ta’kidlagan.
Bu ilk holat emas: 2026 yil mart oyida 72 nafar, yanvarda 44 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilingan. AQSH tomoni O‘zbekiston bilan bu jarayondagi hamkorlikni yuqori baholagan.
Elektromobil egalariga subsidiya joriy etiladi
O‘zbekistonda elektromobil egalari uchun elektr energiyasi xarajatlarining bir qismini davlat qoplab berish rejalashtirilmoqda. Energetika vazirligi tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, zaryadlash shoxobchalarida 1 kWh uchun 300 so‘mdan oshgan qismi budjet hisobidan subsidiya qilinadi va mexanizmni 2026 yil 1-maydan joriy etish taklif etilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tarif 1000 so‘m/kWh bo‘lganda subsidiya 700 so‘mni tashkil qilishi mumkin. Davlat xarajatlari 2026 yilda 246 mlrd so‘m, 2030 yilga borib esa 819 mlrd so‘mgacha yetishi prognoz qilinmoqda.
Subsidiyalar soliqqa tortilmaydi va har oy Soliq ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga o‘tkaziladi. Loyiha 17-maygacha jamoatchilik muhokamasida qoladi.
O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi yildan yilga pasaymoqda
2026 yil mart oyida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish 2,7 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 30,8 foizga kamaydi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, kunlik qazib olish hajmi ham 125,8 mln kub metrdan 87,1 mln kub metrga tushgan.
2026 yilning birinchi choragida jami 9,6 mlrd kub metr gaz qazib olingani qayd etildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga kam. Shu bilan birga, neft qazib olish ham biroz qisqargan, ammo ayrim sanoat yo‘nalishlarida o‘sish saqlanib qolgan — xususan, elektr energiyasi va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish hajmi oshgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bu kabi keskin pasayishni noodatiy holat sifatida baholab, bu yirik konlardagi muammolar yoki tizimli inqiroz bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, yoqilg‘i importi hajmi ham oshib, energetika sohasida bosim kuchayib borayotgani kuzatilmoqda.





