Elektromobillar savdosi fevralda 14 foizga oshdi
Fevral oyida O‘zbekistonda avtomobillar savdosi 84,2 mingtani tashkil etib, bozorda ijobiy o‘sish dinamikasi saqlanib qoldi.

Fevral oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 84,2 mingta avtotransport sotilib o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga o‘sgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Oylik hisobda ham bozorda ijobiy dinamika saqlanib qoldi. Yanvar oyiga nisbatan savdo hajmi 2 foizga o‘sib, taxminan 1,6 mingtaga ko‘paydi.
Eng ko‘p avtomobil sotilgan hudud
Hududlar kesimida eng katta o‘sish Samarqand viloyatida qayd etildi. Bu yerda avtotransport savdosi 65 foizga oshdi. Shuningdek, Toshkent viloyatida 12 foizga, Sirdaryo viloyatida esa savdo hajmi 7,2 foizga oshdi.
Mahalliy avtomobil savdosi
2026 yil fevral oyida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi taxminan 24 mingtani tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich joriy yil yanvar oyi darajasiga mos keladi. Biroq o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda, mahalliy yangi avtomobillar savdosi 10,7 foizga oshgan.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida esa yanada yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi. Ushbu segmentda savdo hajmi o‘tgan yil fevraliga nisbatan 1,5 barobarga o‘sib, taxminan 3 mingtani tashkil etdi.
Elektromobillar bozori
Elektromobillar bozori ham faol o‘sishni davom ettirmoqda. Fevral oyida yengil elektromobillar savdosi 6,9 mingtani tashkil etib, bu yanvar oyiga nisbatan 14 foizga ko‘pdir.
Yillik hisobda esa elektromobillar savdosi 1,5 barobarga oshgan. Bu mamlakatda ekologik toza transport vositalariga bo‘lgan talab ortib borayotganini hamda bozor segmenti izchil kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil yanvar oyida birlamchi avtomobil bozori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga o‘sib, 28,6 mingta yangi yengil avtomobil sotilgan edi. Elektromobillar bozorida sotuvlar 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etgan. Poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilib, jami hajmning 62 foizdan ortig‘ini ta’minlagan.





