Endi 10 mln so‘mgacha QQS arizasiz qaytariladi, 500 mln so‘mgacha xavfda soliq auditi o‘tkazilmaydi

Бугун 14:302 дақиқа

Prezident farmoni bilan, kichik biznes uchun soliq tekshiruvlari qisqartirilib, QQS guvohnomasini to‘xtatib turish bekor qilinadi.

Endi 10 mln so‘mgacha QQS arizasiz qaytariladi, 500 mln so‘mgacha xavfda soliq auditi o‘tkazilmaydi

O‘zbekistonda 2028 yil 1-yanvarga qadar kichik biznes subyektlarida soliq xavfi summasi 500 million so‘mgacha bo‘lganda soliq auditi, 100 million so‘mgacha bo‘lganda esa sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi hamda QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqda Prezidentning 2026 yil 29-maydagi «Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi Farmonida ma’lum qilindi.

Hujjatga muvofiq, kichik biznes subyektlari uchun soliq ma’muriyatchiligida quyidagi asosiy o‘zgarishlar kuchga kiradi:

2026 yil 1-iyundan boshlab soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 12 000 baravari etib belgilanadi.
• Importni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni majburiy tartibda QQS to‘lovchisi deb e’tirof etish tartibi bekor qilinadi.
• 10 million so‘mgacha bo‘lgan QQS bo‘yicha salbiy farq summalari soliq tekshiruvlarisiz va ariza talab etilmagan holda avtomatik tartibda qaytarib beriladi.
• QQS to‘lovchisi guvohnomasi faqat hisobni yuritish maqsadida beriladi va ta’sir choralarini belgilashga asos bo‘lmaydi.

2027 yil 1-yanvardan boshlab kichik biznes subyektlariga buxgalteriya hisobini yurituvchi tashkilotlar va soliq maslahatchilarini jalb qilish xarajatlarini ikki baravar oshirgan holda chegirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2026 yil 1-iyuldan boshlab kameral soliq tekshiruvi talabnomasiga tushuntirishlar yoki tuzatishlar taqdim etilganda soliq to‘lovchilarning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni faollashtirish jarayoni to‘liq avtomatlashtiriladi.

Теглар

Мавзуга оид