Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va urushni to‘xtatishni taklif qildi — «Axios»

Бугун 11:552 дақиқа

Tehron AQSHga blokadani bekor qilish va harbiy harakatlarni yakunlash bo‘yicha yangi diplomatik reja taqdim etdi. Biroq Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarni keyingi bosqichlarga surishni talab qilmoqda, bu esa Oq uyning qarshiligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va urushni to‘xtatishni taklif qildi — «Axios»

«Axios» nashrining xabar berishicha, Eron rahbariyati AQSHga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qamaldan xalos qilish qilish va urushni tugatish bo‘yicha yangi taklif bilan chiqdi.

Tehron muzokaralarni uch bosqichga bo‘lishni taklif qilmoqda: birinchi bosqichda urush to‘xtatilishi va Eron hamda Livan uchun xavfsizlik kafolatlari berilishi, ikkinchi bosqichda bo‘g‘ozni boshqarish masalasi hal etilishi kerak. Eng bahsli nuqta — yadroviy dastur esa uchinchi bosqichga qoldirilgan. Eron tomoni dastlabki ikki band bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha, yadroviy masalani muhokama qilishdan bosh tortmoqda.

Ammo AQSH prezidenti Donald Tramp bu taklifga nisbatan shubha bilan qaramoqda. Uning fikricha, qamalning hozir bekor qilinishi Tehronga nisbatan asosiy bosim richagini yo‘qqa chiqaradi.

Tramp allaqachon «Fox News» telekanali orqali yaqin haftalarda Eronni yon berishga majbur qilish uchun neft eksportini to‘liq to‘xtatib qo‘ygan qamalni davom ettirish niyatini bildirdi. Shuningdek, u amerikalik muzokarachilarga Pokistonga borishni taqiqlab, Tehron agar kelishishni istasa, Vashingtonga o‘zi qo‘ng‘iroq qilishi kerakligini keskin tarzda ma’lum qildi.

Diplomatiya markazi Moskvaga ko‘chmoqda

AQSH bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan bir paytda, Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Moskvaga yo‘l oldi. U yerda Eron vakili Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishi kutilmoqda. Muzokaralarning asosiy mavzusi — Eron-Amerika mojarosini hal qilish, o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘ladi. Tehron Moskvani ushbu murakkab diplomatik o‘yinda muhim sherik va vositachi sifatida ko‘rmoqda.

Shu bilan birga, Vashingtonda 27-aprel kuni Tramp ishtirokida milliy xavfsizlik bo‘yicha yirik yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda Eronning so‘nggi taklifi va keyingi qadamlar muhokama qilinadi.

Hozircha Tramp ma’muriyati «maksimal bosim» siyosatidan voz kechmoqchi emas. Dunyo hamjamiyati esa Ho‘rmuz bo‘g‘ozining taqdiri va global neft bozoridagi barqarorlik ushbu siyosiy bahsning natijasiga qanday bog‘liq bo‘lishini diqqat bilan kuzatmoqda.

Теглар

Мавзуга оид