Eron: «Hujumlar tugamaguncha neft blokadasi davom etadi»

10.03.2026 | 15:452 дақиқа

AQSH va Isroil zarbalari davom etsa, Eron Yaqin Sharqdan neft eksportini to‘liq to‘xtatishini aytdi, Tramp esa bunga javoban hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi.

Eron: «Hujumlar tugamaguncha neft blokadasi davom etadi»

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (EIMK) AQSH va Isroil hujumlari davom etsa, Yaqin Sharqdan «bir litr ham neft chiqarilmasligi»ni ma’lum qildi. Bunga javoban AQSH prezidenti Donald Tramp agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida neft tashishini to‘ssa, Vashington ancha kuchli zarbalar berishidan ogohlantirdi, deya xabar berdi Reuters.

Neft eksporti orqali bosim

Eron harbiylari bayonotiga ko‘ra, mintaqadagi neft eksportiga to‘sqinlik qilish urushga javob chorasi sifatida ko‘rilmoqda. EIMK vakillari «urush qachon tugashini biz belgilaymiz» deya ta’kidlab, Trampning bayonotlarini «asossiz gaplar» deb atadi.

Tramp esa agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali neft tashishini to‘xtatsa, AQSH juda qattiq javob qaytarishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat yuz bersa, Eron «hozirgacha berilgan zarbalardan yigirma barobar kuchliroq» hujumga duch keladi. Ma’lumot uchun, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi dunyo neftining taxminan beshdan bir qismi tashiladigan strategik yo‘lak hisoblanadi.

Urush maqsadlari va siyosiy bayonotlar

Tramp AQSH va Isroil fevral oxirida boshlangan hujumlar orqali Eron armiyasiga katta zarar yetkazganini aytdi. Uning fikricha, mojaro avval rejalashtirilgan to‘rt haftalik muddatdan ham oldin tugashi mumkin.

Isroil rasmiylari urushdan asosiy maqsad Erondagi diniy hokimiyat tizimini ag‘darish ekanini, AQSH rasmiylari esa Eronning raketa imkoniyatlari va yadroviy dasturini yo‘q qilish ekanini aytgandi.

Biroq endi Tramp urush faqat Vashingtonga mos hukumat shakllanganda tugashi mumkinligini ma’lum qildi.

Qurbonlar va muzokaralar masalasi

Eronning BMTdagi elchisi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va Isroil zarbalari boshlanganidan beri mamlakatda kamida 1332 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, minglab odamlar jarohat olgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa AQSH bilan muzokaralarni qayta boshlash ehtimoli juda pastligini bildirdi. Uning aytishicha, avvalgi uch raund muzokaralardan keyin Vashington hujum boshlagani Tehron uchun «achchiq tajriba» bo‘lgan.

Neft bozoridagi keskin tebranishlar

Urush tufayli Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopilib, tankerlar bir haftadan ortiq harakatlana olmayapti. Bu holat neft bozorida keskin tebranishlarga sabab bo‘ldi.

Dushanba kuni Brent nefti narxi 29 foizgacha oshgandi. Tramp mojaro tez orada tugashi mumkinligini aytgach, jahon aksiya bozorlarida ham qisman tiklandi. Seshanba kuni fyucherslar 10 foizdan ortiq arzonlagani kuzatildi.

Shu bilan birga, AQSH Rossiya neftiga nisbatan ayrim sanksiyalarni yumshatishi mumkinligi haqida xabarlar ham bozorlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Теглар

Мавзуга оид