Eron mojarosi global gaz bozorini falaj qilmoqda

Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlar 2022-yilda boshlangan Rossiya-Ukraina urushidan keyingi eng yirik energetik shokni yuzaga keltirdi: Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada global ta’minot zanjirini uzib qo‘yishi mumkin.

Eron mojarosi global gaz bozorini falaj qilmoqda

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va STG

«Bloomberg» nashrining xabar berishicha, Erondagi keskinlik jahon gaz bozori uchun so‘nggi to‘rt yildagi eng yirik silkinishga aylanishi mumkin. Diqqat markazida suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksporti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turuvchi Qatar va strategik muhim Ho‘rmuz bo‘g‘ozi turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon STG eksportining 20 foizi aynan ushbu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. 2025-yilda Qatar 82,2 mln tonna STG eksport qilgan bo‘lib, hozirda ushbu hajmlar xavf ostida qolmoqda. BAA ham o‘z gazini aynan shu yo‘l orqali jahon bozoriga chiqaradi.

Kuzatuv tizimlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali STG tankerlari harakati deyarli to‘xtab qolganini qayd etmoqda. Qatar bilan bog‘liq kamida 11 ta kema xavfsizlik nuqtayi nazaridan harakatni vaqtincha to‘xtatgan. Osiyodagi eng yirik importchilar — Xitoy va Hindiston allaqachon muqobil manbalarni qidirishni boshladi. Yaponiyalik flot egalari esa o‘z kemalarini shoshilinch ravishda xavfsiz suvlarga olib chiqmoqda.

Misr va Turkiya Erondan keladigan quvur gazi yetkazib berilishida uzilishlar bo‘lishidan xavotirda va shoshilinch ravishda STG sotib olishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Neft narxiga bog‘langan uzoq muddatli shartnomalar Osiyo iste’molchilari uchun yanada qimmatlashishi kutilmoqda. Eskalatsiya allaqachon bozor volatilligini oshirib yubordi va investorlar o‘z kapitallarini himoya qilish uchun «tinch bandargohlar» qidirishga tushdilar.

Global iqtisodiy oqibatlar

Jahon bozorida STG tankerlarining to‘xtab qolishi energiya resurslari taqchilligini keltirib chiqaradi. Bu vaziyat ayniqsa qish mavsumidan chiqayotgan va zaxiralari past bo‘lgan Yevropa mamlakatlari uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ekspertlarning fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘liq yopilishi gaz narxlarini rekord darajalarga ko‘tarib yuborishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida elektr energiyasi va sanoat mahsulotlari tannarxining oshishiga olib keladi.

Qatarning eksport geografiyasi shuni ko‘rsatadiki, mintaqadagi har bir kunlik kechikish jahon sanoati uchun mlnlab dollar zarar yetakazadi. Osiyoning iqtisodiy gigantlari energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishga harakat qilsa-da, qisqa muddatda Qatar gazining o‘rnini bosadigan manba topish murakkab vazifadir. BAA va boshqa ko‘rfaz davlatlari ham bo‘g‘ozning yopilishidan katta moliyaviy yo‘qotishlarga duch keladi.

Shu bilan birga, sug‘urta kompaniyalari mintaqadagi tankerlar uchun tariflarni keskin oshirgan. Bu logistika xarajatlarining sezilarli darajada qimmatlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Bozordagi strategik o‘zgarishlar

Dunyo iqtisodiyoti 2022-yilgi shokdan so‘ng yana bir bor ta’minot xavfsizligi naqadar muhim ekanini anglab yetmoqda.

Mojaroning harbiy bosqichi davom etar ekan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat eng asosiy iqtisodiy indikator bo‘lib qoladi. Tranzitning hatto qisman to‘xtashi ham jahon fond bozorlarida va xomashyo birjalarida zanjirli reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид