Eron Xitoyning tovushdan tezuchar raketalarini sotib olish arafasida

25.02.2026 | 22:202 дақиқа

Tehron Pekindan AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kemalariga tahdid sola oladigan raketalarini xarid qilishi mumkin.

Eron Xitoyning tovushdan tezuchar raketalarini sotib olish arafasida © Foto: trtrussian.com

Eron Xitoydan SM-302 rusumli yuqori tezlikdagi kemalarga qarshi qanotli raketalarni sotib olishga yaqinlashdi. Manbalarga ko‘ra, muzokaralar ikki yil avval boshlangan bo‘lib, 2025 yil iyun oyida AQSH Eronning uchta yadroviy obyektiga zarba berishga qo‘shilganidan so‘ng yanada jadallashgan.

Gap taxminan 290 kilometr masofaga uchish imkoniga ega, kemalarning mudofaa tizimlarini chetlab o‘tish qobiliyatiga ega raketalar haqida bormoqda. Hozircha yetkazib berish sanasi kelishilmagan. Muzokaralar AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy huzurini kuchaytirgani fonida kechmoqda.

AQSHning «Avraam Linkoln» avianosets zarba guruhi Arab dengizida faoliyat yuritmoqda, «Djerald Ford» esa O‘rta yer dengizining sharqiy qismida joylashgan. Ilgariroq Eron Xitoydan zenit-raket komplekslarini ham sotib olgani, ular uchun neft yetkazib berish orqali hisob-kitob qilgani xabar qilingan edi.

Xitoy hozirda Eron neftini eng ko‘p import qiluvchi davlat bo‘lib, baholashlarga ko‘ra, Eron xomashyo eksportining qariyb 90 foizi Pekinga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, diplomatlar Pekin Vashington bilan savdo kelishmovchiliklaridan so‘ng yaqinlashuv sharoitida mojaroga ortiqcha aralashishdan qochishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Eron va Xitoy o‘rtasidagi harbiy hamkorlik o‘nlab yillar davom etmoqda. 1980-yillar oxirida Tehron Xitoydan qanotli raketalar olgan va ulardan Iroq bilan urush davrida foydalangan. Tahlilchilar yangi kemalarga qarshi raketalar yetkazib berilishi AQSH harbiy kemalariga bevosita tahdid sifatida baholanishi va vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkinligini qayd etmoqda.

Avvalroq Eron Ormuz bo‘g‘ozini yopish bilan tahdid qilgan edi. Dunyo neft ta’minotining qariyb 20 foizi shu yo‘lak orqali amalga oshiriladi. O‘tgan hafta bo‘g‘oz vaqtincha yopildi, shuningdek, Eron, Xitoy va Rossiya Ormuz bo‘g‘ozi, Ummon ko‘rfazi hamda Hind okeanining shimoliy qismida qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazdi.

Теглар

Мавзуга оид