Eron yana bir strategik bo‘g‘ozni yopish bilan tahdid qilmoqda
Eron hududiga quruqlikdan bosqin amalga oshirilsa, u Qizil dengiz va Arab dengizini bog‘lovchi Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopishi mumkinligini ma’lum qildi.

Eron hukumati o‘z hududiga, jumladan orollariga quruqlikdan harbiy bosqin amalga oshirilgan taqdirda, Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda «Tasnim» agentligi harbiy manbaga tayanib xabar berdi.
Manba ta’kidlashicha, Bob al-Mandab dunyodagi eng muhim strategik dengiz yo‘llaridan biri hisoblanadi. Eron bu hududga real tahdid solish imkoniyatiga ega ekani aytilmoqda. Shu bilan birga, AQSH tomonidan Hormuz bo‘g‘ozi atrofida kuch ishlatish ehtimoli vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkinligi qayd etilgan.

Harbiy manbaga ko‘ra, Eron ehtimoliy mojaroga to‘liq tayyor. U «dushman uchun kutilmagan frontlar ochilishi» orqali qarshi tomon xarajatlarini bir necha barobarga oshirish rejalashtirilayotganini bildirgan. Bu esa mintaqadagi harbiy va siyosiy vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bob al-Mandab bo‘g‘ozi
Bob al-Mandab bo‘g‘ozi Yaman va Eritreya o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Adan ko‘rfazini Qizil dengiz bilan bog‘laydi. U Suvaysh kanali orqali o‘tuvchi xalqaro savdo yo‘lining muhim qismi hisoblanadi. Mazkur yo‘lak orqali jahon dengiz savdosining 10–12 foizi va konteyner tashishlarning qariyb 30 foizi amalga oshiriladi.
Shuningdek, yamanlik harbiy manbalar ham Eronni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar ushbu bo‘g‘ozni AQSH va Isroil uchun yopishi mumkinligini bildirgan. Bu holat savdo va harbiy kemalar harakatiga jiddiy to‘sqinlik qilishi ehtimolini kuchaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, Eron avval Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopib qo‘ygandi. Bu bo‘g‘oz orqali dunyo neftining qariyb 20 foizi va suyultirilgan gazning 30 foizidan ortig‘i tashiladi. Uning yopilishi energiya narxlarining keskin oshishiga olib kelgan.





