Eronga yangi oliy rahnamo tayinlandi — «Deutsche Welle»

04.03.2026 | 10:532 дақиқа

DW manbalariga ko‘ra, Ali Xomanaiy vafotidan keyin uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy Eronning yangi oliy rahnamosi etib tayinlandi.

Eronga yangi oliy rahnamo tayinlandi — «Deutsche Welle»

Eron Islom Respublikasida oliy rahnamo lavozimiga marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy tayinlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda Germaniyaning «Deutsche Welle» nashri Eron hukumatiga yaqin manbalarga tayanib ma’lum qildi.

Manbalarga ko‘ra, mazkur qaror 88 nafar nufuzli shia ulamolaridan iborat Ekspertlar kengashi tomonidan qabul qilingan. Ushbu organ mamlakatning eng yuqori diniy rahbarini tayinlash vakolatiga ega. Ayni paytda ayrim manbalar qaror Islom inqilobi muhofizlari korpusi bosimi ostida qabul qilingan bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlamoqda.

Vaqtinchalik rahbariyat

Shu bilan birga, Eron rasmiylari va davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari hozircha bu ma’lumotni rasman tasdiqlagani yo‘q. Ali Xomanaiy vafotidan so‘ng mamlakatni vaqtincha uch kishilik rahbariyat boshqarmoqda. Uning tarkibiga prezident Mas’ud Pezeshkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy-Ejey va Vasiylik kengashi a’zosi Oyatulloh Alirizo Arafiy kiradi.

Oyatulloh Ali Xomanaiy 1989-yildan buyon Eronni boshqarib kelgan edi. U joriy yil 28-fevral kuni boshlangan AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti davomida halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Ekspertlar kengashi

Eron qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatning oliy diniy rahbari umrbod muddatga Ekspertlar kengashi tomonidan tayinlanadi. Bu organning a’zolari har sakkiz yilda bir marta fuqarolar tomonidan saylanadi. So‘nggi saylovlar 2024-yilda bo‘lib o‘tgan.

Xomanaiyning o‘rnini kim egallashi mumkinligi haqida avvalroq turli taxminlar ilgari surilgan edi. Ehtimoliy nomzodlar sifatida sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy-Ejey, Xomanaiy devoni rahbari Ali Asg‘ar Hijoziy va uning nabirasi Hasan Humayniy tilga olingan.

Теглар

Мавзуга оид