«Ertaga xafa bo‘lasizlar»: Soliq qo‘mitasi raisi YTT orqali chek berayotgan restoranlarni ogohlantirdi

Бугун 09:102 дақиқа

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latovga ko‘ra, Toshkent shahridagi 400 dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonasi Qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS) to‘lamaslik uchun tushumlarni sun’iy ravishda bo‘lib yuborish sxemasidan foydalanmoqda.

«Ertaga xafa bo‘lasizlar»: Soliq qo‘mitasi raisi YTT orqali chek berayotgan restoranlarni ogohlantirdi © Soliq

Umumiy ovqatlanish sohasida ayrim tadbirkorlar qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lamaslik uchun mijozlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida chek bermoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘z ochdi.

Uning ta’kidlashicha, ko‘plab tadbirkorlik subyektlari QQS (NDS) to‘lamaslik maqsadida tushumlarni sun’iy ravishda bo‘lib yubormoqda.

Hozir Toshkentda 419 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi rasman yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ishlayapti. Ammo amalda ular cheklarni o‘z korxonasi orqali emas, boshqa yakka tadbirkorlar nomi bilan bermoqda. Biz bularni ko‘rib, bilib turibmiz hammasini. O‘z korxonasidan kirim-chiqim qilmayapti-da, chekini YTTdan beryapti. QQS to‘lamaslik uchun biznesini bo‘lyapti», - dedi Farrux Po‘latov.

«Keyin xafa bo‘lasizlar»

Soliq qo‘mitasi rahbari tadbirkorlarni qonuniy ishlashga chaqirib, naqd pul bilan bog‘liq muammolar qolmaganini qayd etdi.

«Shuning uchun sizlardan ham iltimos bo‘ladi, bunaqa narsa qilmanglar. Buni ko‘rib, bilib turibmiz hamma joyda. Ertaga borib tekshirish borgandan keyin xafa bo‘lasizlar. Agar kassa cheki berilmasa, demak, bu tushumni yashirish va sun’iy «drobleniye» qilishga bo‘lgan harakatdir. Birinchi ogohlantirish beriladi, keyin agar eshitmasa, jarimasi katta bo‘ladi», - dedi Po‘latov.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov bunday tadbirkorlar bilan alohida ishlashga tayyorligini aytdi.

«419 taning ro‘yxatini bizga bersangiz, o‘zimiz bu yerga chaqirib, bunday qilmaslik kerakligini tushuntiramiz. Masalan, Dehqonobodda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor Chorsuda o‘tirib savdo qilayotgan holatlar ham bor», – dedi u.

Daromadlarini yashirishga urinayotganlar

Muloqot davomida ishchilarning ish haqini pasaytirib ko‘rsatish masalasi ham ko‘tarildi. Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ma’lum qilinishicha, ba’zi tadbirkorlar bir nafar xodim uchun oylik maoshini 1,3 mln so‘m miqdorida ko‘rsatib kelmoqda.

«Hozir mana shu zalda ham endi kimligini aytib o‘tirmaymiz, zalda hozir savol bergan tadbirkorlarimizning o‘zi ham1,3 mln so‘m oylik hisoblab, bir kishi ko‘rsatganlar bor ichimizda. Hozir ochib ko‘rsatmoqchi bo‘ldi, keyin, ha, mayli endi unaqa qilmaylik degan qarorga kelishdi», — deya ta’kidladi Abdiyev.

Tadbir yakunida aniqlangan 419 ta korxona ro‘yxati Savdo-sanoat palatasiga taqdim etilishi kelishib olindi. Palata ushbu tadbirkorlarni alohida chaqirib, tushuntirish ishlarini olib borishi belgilandi. Qo‘mita raisining so‘zlariga ko‘ra, ogohlantirishdan xulosa chiqarmagan tadbirkorlarga nisbatan kelgusida katta miqdorda jarimalar qo‘llaniladi.

Теглар

Мавзуга оид