Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Buning uchun 13 gektar qo‘shimcha yer ajratilib, tumandagi uchish-qo‘nish maydoni va yo‘lagi kengaytiriladi.
© Farg'ona viloyati hokimligiFarg‘ona viloyatining So‘x tumanida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu Prezidentning «So‘x tumanini 2026–2028 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud zaxira va imkoniyatlarni ishga solish orqali aholi bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.
Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, qaror doirasida 1,5 trillion so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 162 ta investitsiya va ijtimoiy loyiha amalga oshiriladi. Shuningdek, 2026–2028 yillarda umumiy qiymati 80 million dollarlik investitsiya loyihalarini amalga oshirish, eksport hajmini 15 million dollarga yetkazish, turistlar oqimini 1,4 barobarga oshirish hamda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlash rejalashtirilgan.
Transport imkoniyatlari kengayadi
Qarorning muhim yo‘nalishlaridan biri anklav hudud hisoblangan So‘xning transport aloqalarini yaxshilashga qaratilgan.
Muntazam aviaqatnovlar «Cessna-208 Caravan» va «L-410» turidagi havo kemalari orqali amalga oshiriladi.
Buning uchun 13 gektar qo‘shimcha yer ajratilib, tumandagi uchish-qo‘nish maydoni va yo‘lagi kengaytiriladi.
Shu bilan birga, talab yuqori bo‘lgan yangi aviayo‘nalishlar tashkil etiladi. Tumandan boshqa shahar va tumanlarga muntazam jamoat transporti qatnovlari ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Turizmga katta sarmoya
So‘xda turizm iqtisodiyotning asosiy o‘sish nuqtalaridan biriga aylantiriladi. So‘x daryosining markazga tutash besh kilometrlik sohilida, «Sarikanda», «Rovon» va «Sharqobod» mahallalari hududida 176 gektar maydonda 720 milliard so‘mlik investitsiyalar hisobidan zamonaviy kurort-sog‘lomlashtirish majmuasi barpo etiladi.
Bundan tashqari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari va yo‘l-transport infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi. Chegara o‘tkazish punktlarida ro‘yxatga olish darchalari soni ikki baravarga oshirilishi ham aholining harakatlanishini tezlashtirish va qulaylashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





