Farg‘onada keshbek orqali 3,2 mlrd so‘m talon-toroj qilindi
Farg‘ona viloyatida «Soliq Mobile» ilovasi orqali soxta xarid cheklari va elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirish yo‘li bilan davlat budjeti mablag‘larini talon-toroj qilish sxemasi fosh etildi.
© Soliq ilovasiBosh prokuratura huzuridagi Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida bir guruh shaxslar tomonidan «Soliq Mobile» ilovasidagi keshbek tizimidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro til biriktirib, «Telegram» tarmog‘ida bir nechta guruhlar tashkil etgan. Ular ushbu guruhlar orqali 7 ta MCHJ nomidan rasmiylashtirilgan xarid cheklaridagi keshbek huquqini jismoniy shaxslarga sotish bilan shug‘ullangan. Bunda oddiy fuqarolar uchun 1 foizlik, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslar uchun esa 12 foizlik keshbek taklif qilingan.
Soxta keshbeklar
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur 7 ta korxona tomonidan amalda hech qanday moliyaviy operatsiyalar bajarilmagan bo‘lsa-da, go‘yoki 3,3 trillion so‘mlik mahsulot va xizmatlar sotilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, savdodan tushgan mablag‘lar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani ko‘rsatilib, xarid cheklari shakllantirilgan.
Natijada 211 584 nafar fuqaroga «Soliq Mobile» ilovasi orqali jami 28,5 milliard so‘m keshbek hisoblangan. Uning 3,2 milliard so‘mi budjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berilgani aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu harakatlarni budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish orqali talon-toroj qilish sifatida baholamoqda. Shu bilan birga, soxta hujjatlardan foydalanish holatlari ham qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Andijon viloyatida bir guruh shaxslar soxta hisob-fakturalar va xarid cheklari orqali «Soliq Mobile» tizimidan 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘ini noqonuniy o‘zlashtirganligi ma’lum bo‘lgan edi.





