Fermerni haqoratlagan Quva hokimi jazolandi
Unga nisbatan «hayfsan» jazosi qo‘llanildi.

Farg‘ona viloyati Quva tumani hokimi Halimjon Umarov fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda odob-axloq qoidalarini buzgani sababli unga nisbatan «hayfsan» jazosi qo‘llanildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Quva tumani hokimi ekani aytilgan shaxsning yig‘ilish davomida fermerni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilgani va yerni majburan topshirishga ko‘rsatma bergani aks etgan audioyozuvlar iyun oyida tarqalgan edi.
«O‘zi bajarmadimi anavini? Bular oilaviy sug‘oradi, paxtani ichida cho‘milsa ham bo‘laveradi. Ey, sen …[so‘kinish] gaplashgim kelmayapti men bilan? … o‘yin qilyapsanmi? Men senga bekorga qattiq tekkanim yo‘q, … Shu fermerlarni … chiqargan sen bo‘lasan. Men senga necha marta aytganman fermeringda, shiyponingda to‘plab, shtab qil deganman. Hech bo‘lmaganda ikki kunda bir, uch kunda bir bo‘lsa ham bor deganman. Bir oylab ham bormagan ekansan fermerlarga. MMTU raisligini qilib yurib, a? Seni uch kundan beri qidiraman, topilmayman. Ey, !!! … tiqib qo‘yaymi hozir? Tiqilging kelyaptimi? Bo‘ldi, tiqilasan… Yaxshilikni bilmagan… Qilgisi kelmayaptimi? Ol, yerni topshir… Bor, hoziroq arizasini ol. Olib kir, hokimiyatga olib kirib, xonada yoz. Yig‘ishtir, turva-xaltangni. Hozir kirib topshirsin. Bo‘ldi, ol», — deyiladi tarqalgan audioyozuvda.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi xizmat tekshiruvi tayinlagan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa holatga huquqiy baho berish va tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha viloyat hokimligiga taqdimnoma kiritgan. Ko‘rib chiqilgan taqdimnoma xulosasiga asosan tuman hokimi intizomiy jazoga tortilgan.
Oldingi faoliyat va nazorat
Halimjon Umarov 2021 yilning fevral oyidan boshlab Quva tumani hokimi lavozimida ishlab kelmoqda. Bunga qadar u Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
Agentlik davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishi ustidan nazorat va qonun buzilish holatlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash ishlari davom ettirilishini bildirgan.





