Fors ko‘rfazi bozorlari tushmoqda

1-mart kuni Yaqin Sharqdagi savdolar kotirovkalarning keskin pasayishi bilan boshlandi. Investorlar mintaqaning keskin beqarorlashuvi sababli ommaviy ravishda kapitalni chiqarmoqda.

Fors ko‘rfazi bozorlari tushmoqda

«Reuters»ning xabar berishicha, bozorlarni larzaga solgan asosiy yangilik — Eron davlat OAVlari 28-fevraldagi hujumlarda oliy rahbar oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘lgani haqidagi xabar bo‘lgan.

Guvohlar ikkinchi kun ketma-ket Dubay va Doha atrofida portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabar bermoqda. Eronning Fors ko‘rfazi shaharlaridagi AQSH obyektlariga bergan javob zarbalari aviaqatnov tizimining izdan chiqishiga olib keldi: mintaqaning eng yirik aeroportlari, jumladan Dubay, to‘liq faoliyatini to‘xtatdi. Bu so‘nggi yillarda fuqarolik aviatsiyasidagi eng jiddiy uzilishlardan biriga aylandi.

Fond bozorlari reaksiyasi

Yaqin Sharq bozorlari investorlarning ehtimoliy keng ko‘lamli urushga munosabatini birinchi bo‘lib aks ettirmoqda. 1-mart tongi holatiga ko‘ra vaziyat quyidagicha:

Saudiya Arabistoni: «Saudi Exchange» (Tadawul) indeksi 4,6 foizga tushib, aprel oyidan beri eng yomon dinamikani ko‘rsatdi. Bank sektori ham «qizil zona»da: «Al Rajhi Bank» − 3,3 foiz, «Saudi National Bank» − 4,5 foiz, «flynas» aksiyalari 4,5 foizga arzonlashdi. Shu bilan birga, «Saudi Aramco» aksiyalari xomashyo taqchilligi bo‘yicha kutilmalar fonida 2,3 foizga o‘sdi.

Kuvayt: «Boursa Kuwait» savdolarni xavfsizlik chorasi sifatida to‘liq to‘xtatdi.

Ummon: Mamlakat indeksi 1,5 foizga pasaydi.

Bahrayn: indeks 0,6 foizga tushdi.

Qatar: birja bank dam olish kuni sababli yopiq.

100 dollarlik neft va Ho‘rmuz bo‘g‘oziga tahdid

Tahlilchilar bozorlarda yanada chuqur korreksiya va yuqori volatillik ehtimoli katta ekanini ta’kidlamoqda. Asosiy xavf – Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovining to‘liq to‘xtab qolishi. Ushbu strategik yo‘lak orqali jahon neft ta’minotining katta qismi o‘tadi, shuning uchun uning yopilishi global energetika bozoriga jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.

«Geosiyosiy taranglik ommaviy ravishda xavfdan qochishni kuchaytirmoqda va bu barcha sektorlarda narxlarga bosim o‘tkazmoqda», – deydi «XTB MENA» katta tahlilchisi Hani Abuagla.

Jahon banklarining reaksiyasi tezkor bo‘ldi. 28-fevral kuni «Barclays» «Brent» markali neft bo‘yicha prognozini keskin oshirib, barrel uchun 80 dollardan 100 dollargacha ko‘tardi.

Agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozida harakat cheklansa, neft narxi yanada yuqori sakrashi, inflatsiya bosimining kuchayishi va global bozorlarda yangi silkinishlar kuzatilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид

Fors ko‘rfazi bozorlari tushmoqda | Vaqt.uz