Logo

Foydalanishga topshirilmagan uyga odam ko‘chirganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin

Бугун 10:252 дақиқа

Deputatlar foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p qavatli uylarga aholini joylashtirganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik joriy etishni ma’qulladi.

Foydalanishga topshirilmagan uyga odam ko‘chirganlar 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin © vaqt.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi foydalanishga rasman qabul qilinmagan ko‘p qavatli uylarga fuqarolarni ko‘chirib kiritganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini uch o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, buyurtmachi yoki pudratchi foydalanishga qabul qilinmagan ko‘p qavatli uyga aholini ko‘chirib kiritgan taqdirda, unga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik qo‘llanadi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadovning ma’lum qilishicha, mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida qurilish sohasida qator jiddiy qonunbuzilishlar aniqlangan.

Tekshiruvlar yetti yillik davrni qamrab olgan. Ular natijasida 383 ta ko‘p qavatli uy shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etilmasdan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmasdan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilgani ma’lum bo‘lgan.

Bu uylardagi 20 mingdan ortiq xonadon fuqarolarga sotib yuborilgan. Har bir obyekt bo‘yicha alohida ro‘yxat shakllantirilgan.

Shuningdek, turli qoidabuzarliklar sababli hali foydalanishga topshirilmagan, ammo 136 ta ko‘p qavatli uyda 8 mingdan ortiq aholi yashab kelayotgani aniqlangan.

Jazo kuchaytirilmoqda

Hozirgi qonunchilikka ko‘ra, bunday qonunbuzarlik uchun asosan ma’muriy javobgarlik belgilangan. Takroran sodir etilgan holatdagina jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.

Yangi qonun loyihasi esa Jinoyat kodeksining 229³-moddasini yangi qism bilan to‘ldirib, ushbu harakat uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni joriy etadi.

Jazo sifatida uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilanmoqda.

Amaldagi jazo samara bermagan

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, tekshiruvlar natijasida qonunbuzarlarga nisbatan 619 million so‘m jarima qo‘llanilgan, 2515 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Biroq, Salom Samadov ta’kidlaganidek, mavjud choralar kutilgan samarani bermagan. Shu bois qonunchilikni kuchaytirish va mansabdorlar hamda qurilish tashkilotlari mas’uliyatini oshirish zarur deb topilgan.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham mazkur tashabbus qurilish sifati, seysmik bardoshlilik va aholi xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joyda jiddiy qoidabuzarliklar aniqlanib, qurilish ishlari to‘xtatilganligi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид