Logo

Gitler tug‘ilgan uyda politsiya uchastkasi ochildi

Бугун 09:001 дақиқа

Dastlab bu binoni buzib tashlash rejalashtirilgan.

Gitler tug‘ilgan uyda politsiya uchastkasi ochildi

Avstriyaning Braunau-na-Inn shahrida Adolf Gitler tug‘ilgan uyda politsiya uchastkasi ish boshladi. Bu haqda «Reuters» agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, uchastkaning rasmiy ochilish marosimi 22-iyul kuni bo‘lib o‘tgan va unda Avstriya ichki ishlar vaziri Gerxard Karner hamda boshqa rasmiylar ishtirok etgan.
Avstriya hukumati uyning sobiq egasi bilan uzoq yillar davom etgan sudlashuvlardan so‘ng, 2016 yilda binoni davlat hisobiga musodara qilgan edi.

Dastlab bu joy neonatsistlarning ziyoratgohiga aylanib qolmasligi uchun binoni buzib tashlash rejalashtirilgan. Biroq yakunda bu fikrdan qaytilib, uning o‘rnida politsiya uchastkasini joylashtirishga qaror qilingan. 2020 yilda binoni rekonstruksiya qilish tanlovi yakunlanganda, bu loyiha uchun besh million yevro sarflanishi e’lon qilingan edi.

Agentlikning qayd etishicha, hozirda bu binoda Gitler tug‘ilganini eslatib turuvchi yagona narsa — uy yonida o‘rnatilgan xotira toshidir. Mautxauzen konslageridan keltirilgan ushbu toshga «Fashizm — boshqa hech qachon» deb yozib qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Adolf Gitler 1889 yilda Zalsburg yaqinidagi Braunau-na-Inn shahridagi ushbu uyda tug‘ilgan. Turli yillarda mazkur binodan maktab, kutubxona, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun boshpana sifatida foydalanilgan.

Теглар

Мавзуга оид