Harbiy xizmatchilarga oliygohda onlayn o‘qish imkoniyati yaratiladi va kitobxonlariga elektromobil beriladi

Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Harbiy xizmatchilarga oliygohda onlayn o‘qish imkoniyati yaratiladi va kitobxonlariga elektromobil beriladi © Foto: president.uz

Harbiy xizmatchilarni kitobxonlikka qiziqishini yanada oshirish, bu borada ularni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida joriy yildan boshlab, har yili Qurolli Kuchlarning barcha toifadagi harbiy xizmatchilari o‘rtasida to‘rt bosqichli «Ma’naviyat qalqoni» respublika kitobxonlik tanlovi o‘tkaziladi. Bu haqdagi taklif Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ma’qullandi.

Qayd etilishicha, tanlovning birinchi bosqichi harbiy qism va harbiy ta’lim muassasalarida, ikkinchi bosqichi harbiy okrug, birlashma va qo‘shilmalarda, uchinchi bosqichi Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralarda o‘tkaziladi. Yakuniy respublika bosqichida saralash bosqichlarining g‘olibi bo‘lgan harbiy xizmatchilar o‘zaro bellashadi. Yakuniy bosqichning 4 nafar g‘olibi Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondonining bosh sovrini – zamonaviy elektromobil hamda diplom bilan taqdirlanadi. Sovrinli o‘rinlarni egallagan harbiy xizmatchilar pul mukofotlari va diplomlar bilan rag‘batlantiriladi.

Bundan tashqari, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarga bir qator imtiyoz hamda kafolatlar berilishi nazarda tutilmoqda.

Endi muddatli harbiy xizmatchilar uchun harbiy xizmat davrida oliygohlarga o‘qishga kirib, masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratilmoqda. Bu jarayonda askarlar uchun ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda harbiy qismlarda abituriyentlarni tayyorlash kurslari tashkil etilib, oliygohlarning kirish imtihonlariga tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Eng muhimi, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan askarlar harbiy fakultetlar talabalariga tenglashtirilib, o‘qishni tamomlagandan so‘ng ularga zaxiradagi leytenant harbiy unvoni beriladi.

Shu bilan birga, namunali xizmat o‘tagan, respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda fan olimpiadalarida birinchi o‘rinni egallagan askarlarni test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish tartibi belgilanmoqda.

Joriy etilayotgan imtiyozlardan yana biri – askarlar uchun harbiy xizmat davomida «Bitta askar – bitta kasb» tamoyili asosida 3-6 oylik o‘quv kurslari tashkil etilib, ularga davlat namunasidagi maxsus sertifikat beriladi.

Muddatli harbiy xizmatdan qaytib, xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarning kasb-hunarga o‘qish xarajatlari vaucher asosida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Davlat tashkilotlariga ishga kirish istagini bildirgan yoshlarga esa Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida 10 foizlik imtiyoz ballari qo‘shib beriladi.

O‘zbekiston rahbari barcha takliflarni ma’qullab, tegishli qarorlarni imzoladi.

Теглар

Мавзуга оид