Logo

Harorat keskin oshishi sababli Qoraqalpog‘istondagi ayrim bog‘chalar vaqtincha yopiladi

Qoraqalpog‘istonning qator shahar va tumanlarida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bir necha kunga faoliyatini to‘xtatadi. Chora bolalar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida joriy etilmoqda.

Harorat keskin oshishi sababli Qoraqalpog‘istondagi ayrim bog‘chalar vaqtincha yopiladi © Ijtimoiy tarmoqlar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, havo haroratining keskin oshishi munosabati bilan bir qator hududlardagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari vaqtincha yopiladi.

Shahar va tuman hokimlarining qarorlariga muvofiq, bog‘chalar quyidagi muddatlarda faoliyat yuritmaydi:

●     Nukus shahri — 2026 yil 13-iyuldan 18-iyulgacha;

●     Amudaryo tumani — 13-iyuldan 15-iyulgacha;

●     Beruniy tumani — 13-iyuldan 17-iyulgacha;

●     Xo‘jayli tumani — 13-iyuldan 18-iyulgacha;

●     Taxiatosh tumani — 13-iyuldan 17-iyulgacha;

●     Shumanay tumani — 13-iyuldan 17-iyulgacha;

●     Mo‘ynoq tumani — 13-iyuldan 17-iyulgacha;

●     Qonliko‘l tumani — 13-iyuldan 17-iyulgacha;

●     To‘rtko‘l tumani — 13-iyuldan 17-iyulgacha.

Vazirlikka ko‘ra, mazkur qaror bolalarni ekstremal issiqning salbiy ta’siridan asrash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan. Bog‘chalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xulosalari hamda tavsiyalari asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, ota-onalarga farzandlari salomatligiga alohida e’tibor qaratish, kunning eng issiq soatlarida ularni ochiq havoda uzoq vaqt qoldirmaslik va barcha ehtiyot choralariga amal qilish tavsiya etildi.

O‘zgidromet” 13–17-iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi haqida ogohlantirdi. Prognozga ko‘ra, eng issiq kunlarda respublika hududining katta qismida havo harorati 41–43 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida esa 44–46 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид