Hindistonda An-32 harbiy samolyoti halokatga uchradi
Hindistonning shimoli-sharqiy hududida An-32 harbiy-transport samolyotining qo‘nish vaqtida halokatga uchrashi oqibatida ekipajning besh a’zosi halok bo‘ldi.

Hindiston Harbiy-havo kuchlariga ko‘ra, An-32 harbiy samolyoti 13-iyun kuni rejali parvozni amalga oshirayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Hodisa mahalliy vaqt bilan taxminan soat 10:00 atrofida, samolyot qo‘nishga tayyorlanayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida ekipajning besh nafar a’zosi vafot etgan. Samolyotda bo‘lgan ikkinchi uchuvchi esa tirik qolgan. Uning ahvoli haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Mahalliy NTV telekanali tarqatgan videolarda samolyot yerga qattiq zarba bilan urilgani va bir nechta bo‘laklarga parchalanib ketganini ko‘rish mumkin. Hodisa joyida qutqaruv va tezkor xizmatlar ish olib bormoqda.
Hindiston Harbiy-havo kuchlari bayonotida falokat sabablarini aniqlash uchun maxsus tergov komissiyasi tuzilayotgani aytildi. Ayni vaqtda voqea joyida dalillarni yig‘ish va dastlabki tekshiruv ishlari davom etmoqda.
An-32 qanday samolyot?
An-32 ikki dvigatelli turbovintli harbiy-transport samolyoti bo‘lib, u 1970-yillar o‘rtalarida Kiyevdagi «Antonov» tajriba-konstruktorlik byurosi tomonidan aynan Hindiston ehtiyojlari uchun ishlab chiqilgan.
Samolyot og‘ir iqlim va tog‘li hududlarda samarali foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 7,5 tonnagacha yuk yoki 50 nafargacha shaxsni tashish imkoniyatiga ega.
«Antonov» ma’lumotlariga ko‘ra, An-32 samolyotlari 1996 yilgacha ishlab chiqarilgan va shu davr mobaynida 358 ta havo kemasi tayyorlangan. Ularning 118 tasi 1980-yillar oxiriga qadar Hindistonga yetkazib berilgan.




