Hindistondagi mehmonxonada yuz bergan yong‘in qurbonlari orasida bir nafar o‘zbekistonlik borligi ma’lum bo‘ldi
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Dehlidagi mehmonxona yong‘ini qurbonlari orasida O‘zbekiston fuqarosi ham borligini ma’lum qildi. Avvalroq O‘zbekiston TIV bu ma’lumotni rad etgan edi.
© ReutersNyu Dehlining janubida joylashgan mehmonxonada sodir bo‘lgan yirik yong‘in oqibatida kamida 13 nafar chet el fuqarosi halok bo‘lgan. Bu haqda Hindiston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Randhir Jaiswal ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bir nafardan Mozambik, O‘zbekiston, Bangladesh, Liberiya, Kongo va Iroq fuqarolari, shuningdek to‘rt nafar Nigeriya va uch nafar Qirg‘iziston fuqarosi bor.
Vazirlik vakili hodisa oqibatida 20 nafardan ortiq chet el fuqarosi turli darajada jarohat olganini ham ma’lum qildi. Hindiston hukumati jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning yaqinlariga yordam ko‘rsatish maqsadida tegishli diplomatik vakolatxonalar bilan hamkorlik qilmoqda.
Randhir Jaysvalning ta’kidlashicha, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi barcha manfaatdor davlatlar elchixonalari bilan aloqa o‘rnatgan. Mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, shifoxonalar bilan hamkorlik qilish va konsullik yordamini ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda.
Vazirlik vakili hodisadan jabrlangan chet el fuqarolariga tibbiy va tashkiliy yordam ko‘rsatish davom etayotganini qayd etdi.
Mazkur yong‘in 3-iyun kuni sodir bo‘lgan. Mahalliy rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fojia oqibatida jami 21 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning katta qismi xorijiy davlatlar fuqarolaridan iborat ekani bildirilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi avvalroq tarqatgan ma’lumotida yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma’lum qilgan edi. Hindiston TIVning so‘nggi bayonoti ikki davlat rasmiy ma’lumotlari o‘rtasida tafovut yuzaga kelganini ko‘rsatmoqda.
Hozircha mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan qo‘shimcha rasmiy izoh berilmagan.





