Ho‘rmuz bo‘g‘ozi: Eron-AQSH ziddiyati va global energiya bozori uchun xavflar

24.02.2026 | 20:306 дақиқа

Har yili ushbu suv yo‘li orqali qiymati 500 milliard dollardan ortiq bo‘lgan neft va gaz olib o‘tiladi, bo‘g‘ozning yopilishi jahon iqtisodiyotini uzilishlar xavfi ostida qoldiradi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi: Eron-AQSH ziddiyati va global energiya bozori uchun xavflar

Eron va AQSH o‘rtasida keskinlik kuchayganda har safar bitta tor suv yo‘li — Ho‘rmuz bo‘g‘ozi dunyo diqqat markaziga chiqadi. Dunyodagi eng yirik harbiy kema — yadroviy dvigatel bilan ishlaydigan «USS Gerald R. Ford» aviatashuvchisi Fors ko‘rfazi tomon yo‘l olgan. Bu kema 2003 yildagi Iroq bosqinidan beri mintaqadagi eng yirik amerikalik harbiy kuchlar bilan birlashmoqda. Bu safar Eron Vashingtonning nishonida turibdi.

Shu oyda Tehron hujumga qanday javob berishi mumkinligi haqida ishora berib, Fors ko‘rfazini ochiq dengiz bilan bog‘lovchi tor darvoza — Ho‘rmuz bo‘g‘ozining ayrim qismlari vaqtincha yopib qo‘yilishini e’lon qildi. Eron rasmiylari jahon neft ta’minotining taxminan 20 foizi tashiladigan ushbu yo‘lakda jangovar mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu qadam bo‘g‘ozning ayrim qismlarida faoliyatning kamdan-kam kuzatiladigan to‘xtatilishi bo‘ldi. Bu Vashingtonning Eronga zarba berish haqidagi tahdidlari amalga oshgan taqdirda yuzaga keladigan iqtisodiy oqibatlar haqida jiddiy ogohlantirish bo‘lib xizmat qildi va mintaqaviy to‘qnashuv qanchalik tez global bozorlarga ta’sir qilishini ko‘rsatib berdi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qayerda joylashgan?

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi — dunyodagi eng muhim neft tashish yo‘lagi hisoblanadi. Bu egri suv yo‘li shimolda Eron, janubda esa Ummon va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida joylashgan. Uning kirish va chiqish qismidagi kengligi taxminan 50 km, eng tor nuqtasida esa taxminan 33 km ni tashkil etadi. U Fors ko‘rfazi va Arab dengizi o‘rtasidagi yagona dengiz yo‘lidir.

Kengligi kichik bo‘lishiga qaramay, bu yo‘l dunyodagi eng yirik xom neft tashuvchi kemalarni sig‘dira oladi. Yaqin Sharqdagi yirik neft va gaz eksport qiluvchi davlatlar o‘z mahsulotlarini xalqaro bozorlarga chiqarishda ushbu bo‘g‘ozga tayanadi, import qiluvchi davlatlar esa uning uzluksiz ishlashiga bog‘liqdir.

1

Bo‘g‘oz orqali qancha neft va gaz o‘tadi?

AQSH Energetika axborot boshqarmasi (EIA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali har kuni taxminan 20 million barrel neft o‘tgan. Bu yillik 500 milliard dollarlik energiya savdosiga teng bo‘lib, ushbu suv yo‘lining jahon iqtisodiyotidagi markaziy rolini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bo‘g‘oz orqali o‘tadigan xom neft Eron, Iroq, Kuvayt, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAAdan chiqadi. Bo‘g‘oz faoliyatidagi har qanday uzoq muddatli uzilish ishlab chiqaruvchilarni va ularning eksportiga bog‘liq bo‘lgan iqtisodiyotlarni larzaga soladi.

Bo‘g‘oz, shuningdek, suyultirilgan tabiiy gaz savdosida ham muhim rol o‘ynaydi. EIA ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda jahon suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berish hajmining qariyb beshdan bir qismi ushbu yo‘lak orqali o‘tgan va bu hajmning asosiy qismi Qatar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Energiya oqimlari manzili

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi — STG oqimlari uchun ikki tomonlama «darvoza» vazifasini o‘taydi. Kuvayt va BAA kabi ko‘rfaz davlatlarining o‘zlari ham AQSH va G‘arbiy Afrikadan keladigan gaz importi uchun aynan shu yo‘lakka tayanadi.

EIA hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tgan xom neft va kondensatning 84 foizi Osiyo bozorlariga yo‘naltirilgan. Gaz savdosida ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda: bo‘g‘oz orqali o‘tadigan STG hajmining 83 foizi Osiyo davlatlari uchun mo‘ljallangan.

O‘tgan yili Xitoy, Hindiston, Yaponiya va Janubiy Koreya bo‘g‘oz orqali o‘tgan barcha xom neft va kondensat oqimining jami 69 foizini qabul qilib olgan. Ushbu mamlakatlarning zavodlari, transport tarmoqlari va energiya tizimlari Fors ko‘rfazi energiyasining uzluksiz yetkazib berilishiga bog‘liq.

2

Eronning imkoniyatlari nimalardan iborat?

Xalqaro huquqqa ko‘ra, davlatlar o‘z sohillaridan 12 dengiz mili (22 km) masofagacha suveren huquqlarini amalga oshirishi mumkin. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining eng tor qismi va belgilangan kema yo‘llari to‘liq Eron va Ummonning hududiy suvlariga to‘g‘ri keladi.

Ushbu huquqiy voqelik Tehronga geografik ustunlik beradi. Har oy bo‘g‘oz orqali taxminan 3000 ta kema o‘tadi. Agar Eron harakatga to‘sqinlik qilishga urinsa, eng samarali taktikalardan biri tezkor hujum katerlari va suvosti kemalari yordamida dengiz minalarini joylashtirish bo‘ladi.

Tehron floti kemalarga qarshi raketalar bilan jihozlangan tezkor katerlar, shuningdek, asimmetrik urush uchun mo‘ljallangan usti ochiq kemalar, yarim suvosti qurilmalari va suvosti kemalarini o‘z ichiga oladi.

O‘tgan yili Eron parlamenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopish to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi. Har qanday yakuniy qaror Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xominai ixtiyorida qoladi.

Mintaqaviy dinamika vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

Yamanda Eron bilan yaqin aloqada bo‘lgan husiylar guruhi Qizil dengizni global savdo yo‘llari bilan bog‘laydigan yana bir muhim dengiz yo‘lagi — Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali harakatni to‘xtatishga yana urinib ko‘rishi mumkin. 2023 yil oktabr oyida Isroilning G‘azodagi genotsid urushi boshlanganidan keyin ushbu yo‘lak orqali yuklarni yetkazib berishda jiddiy uzilishlar kuzatilgan edi.

Yamanning shimoli-g‘arbiy qismini, jumladan poytaxt Sanoni nazorat qiluvchi husiylar yaqinda «Sobitqadam va keyingi bosqichga tayyor» shiori ostida ommaviy miting o‘tkazib, ichki yoki tashqi dushmanlar bilan ehtimoliy to‘qnashuvga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Ho‘rmuz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozlariga bo‘ladigan har qanday muvofiqlashtirilgan bosim global kema qatnovi, energiya bozorlari va xalqaro savdo uchun xavflarni kuchaytiradi.

Jahon neft narxlariga ta’siri

«Energy Intelligence» kompaniyasining Yaqin Sharq bo‘yicha vakili Kolbi Konnelli «Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida Ho‘rmuz bo‘g‘ozining to‘liq yoki qisman yopilishi yaqin kelajakda «neft narxiga katta ta’sir ko‘rsatishini» aytdi. Bu bo‘g‘ozning qancha vaqt davomida yopiq qolishiga bog‘liq bo‘ladi.

«Fors ko‘rfazidan keladigan mahsulot o‘rnini bosa oladigan boshqa yirik ta’minot manbalari mavjud emas, ayniqsa, OPEK+ zaxira ishlab chiqarish quvvatining qariyb 70 foizi aynan ko‘rfaz davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak», dedi Konnelli.

Saudiya Arabistoni o‘z xom neftini eksport qilishda ushbu bo‘g‘ozga qattiq tayanadi va u yerdan kuniga taxminan 5,5 million barrel neft olib o‘tadi— bu mintaqadagi har qanday boshqa davlatdan ko‘proqdir.

EIA ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida Eron neft eksporti kuniga o‘rtacha 1,7 million barrelni tashkil etgan va uning qariyb 90 foizi Xitoyga yo‘naltirilgan.

«Saudiya Arabistoni va BAA eksportni Qizil dengiz sohili va Fujayra (Ummon ko‘rfazidagi BAA port shahri) orqali davom ettirish imkonini beruvchi cheklangan quvur quvvatlariga ega», deydi Konnelli.

Ba’zi ko‘rfaz mamlakatlari ta’minot shoklarini yumshata oladigan xorijiy omborlarda katta hajmdagi zaxiralarga ega bo‘lsa-da, Konnelli jiddiy uzilishlar vaqtida bu zaxiralar kamlik qilishi mumkinligini qayd etdi.

«So‘nggi haftalarda neft narxi geosiyosiy keskinlikka juda tez ta’sir ko‘rsatmoqda va natijada, agar yirik uzilish yuz bersa, narxlar bir barrel uchun 100 dollardan ancha yuqoriga ko‘tarilib ketishi mumkin», dedi u.

3

Global iqtisodiyotga ta’siri

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali energiya oqimlarining har qanday uzilishi yoqilg‘i va zavod xarajatlarini oshiradi, ayniqsa Xitoy o‘z iqtisodiy o‘sishini ta’minlash uchun ishlab chiqarish va eksportga tayanayotgan bir paytda. Energiya narxlarining ko‘tarilishi ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi, kompaniyalar esa bu xarajatlarni yetkazib berish zanjiri va iste’molchilarga yuklashi ehtimoli yuqori.

«Bu global iqtisodiyot uchun og‘ir inflatsiyaviy oqibatlarga olib keladi», — deya ogohlantirdi Buyuk Britaniyadagi Qirollik Birlashgan Xizmatlar Instituti ilmiy xodimi Samuel Ramani.

Buning oqibatlari Xitoy bilan cheklanib qolmaydi. Osiyoning bir qator yirik iqtisodiyotlari bo‘g‘oz orqali o‘tadigan tranzit yuklarga qattiq bog‘lanib qolgan.

Hindiston xom neft importining deyarli yarmi va tabiiy gaz ta’minotining qariyb 60 foizi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Janubiy Koreya o‘z xom neftining taxminan 60 foizini shu yo‘nalish orqali olsa, Yaponiya neft importining deyarli to‘rtdan uch qismi uchun shu bo‘g‘ozga tayanadi.

 

Теглар

Мавзуга оид