Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uchun jang: kim avval taslim bo‘ladi?

Бугун 13:2510 дақиқа

AQSH prezidenti Donald Tramp Eron «moliyaviy jihatdan tanazzulga yuz tutayotganini» va Vashingtonning Eron portlarini qamal qilishi ortidan mamlakat har kuni millionlab dollar yo‘qotayotganini e’lon qildi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi uchun jang: kim avval taslim bo‘ladi? © aol.com

21-aprel oqshomida Tramp o‘zining «Truth Social» platformasida shunday post qoldirdi:

«Eron moliyaviy inqiroz yoqasida! Ular Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tezroq ochilishini xohlashadi — naqd pul tanqisligidan qiynalishmoqda! Kuniga 500 million dollar boy berishyapti. Harbiylar va politsiya maosh ololmayotganidan shikoyat qilmoqda. Yordam kerak!!!»

AQSHning Eron portlariga qo‘ygan dengiz qamali 13-aprel kuni boshlandi. O‘shandan keyin AQSH Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eron bayrog‘i ostidagi tankerga o‘t ochib, uni qo‘lga oldi. Shuningdek, ochiq dengizda Eronga tegishli bo‘lgan yoki unga yo‘naltirilgan yuk kemalarining yo‘nalishini o‘zgartirdi. Eron qurolli kuchlari buni «noqonuniy harakat» va «qaroqchilik» deb atadi.

Bunga javoban Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini barcha xorijiy kemalar uchun yopib qo‘ydi va bir nechta kemani qo‘lga oldi. Bungacha Eron faqat o‘ziga «do‘st» deb hisoblangan kemalarning o‘tishiga ruxsat berayotgan edi.

19-aprel kuni Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif «Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi xavfsizlik bepul emasligini» bildirdi.

«Eronning neft eksportini cheklab qo‘yib, boshqalar uchun tekin xavfsizlikni kutish mantiqsizlikdir. Tanlov aniq: yo hamma uchun erkin neft bozori bo‘ladi, yoki hamma uchun jiddiy xarajatlar xavfi paydo bo‘ladi. Global yoqilg‘i narxlarining barqarorligi Eron va uning ittifoqchilariga nisbatan iqtisodiy va harbiy bosimning kafolatli hamda to‘liq to‘xtatilishiga bog‘liq», — deb yozdi u X tarmog‘ida.

23-aprel kuni Eron parlamenti spikeri va muzokaralardagi bosh vakil Muhammad Boqir G‘olibof AQSHning dengiz qamali bekor qilinsagina to‘liq sulh samara berishini ta’kidladi.

Tahlilchilarning fikricha, qamal Eronga jiddiy zarar yetkazmoqda, ammo mamlakat bunga dosh berish uchun yetarli iqtisodiy va siyosiy irodaga ega.

Eron dengiz qamaliga qancha vaqt chiday oladi?

Bu borada quyidagilar ma’lum:

Dengiz qamali Eronga qanday zarar yetkazmoqda?

Eron neft, gaz va boshqa tovarlarni (jumladan, neft-kimyo, plastmassa va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini) dengiz orqali eksport qiladi. Tahlilchilarga ko‘ra, AQSHning portlardagi, ayniqsa Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamali ushbu savdoga jiddiy zarba beradi.

28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlangach, Tehron rasmiylari Ko‘rfazdan chiqishning yagona yo‘li — Ho‘rmuz bo‘g‘ozini amalda yopib qo‘ydi. Tinchlik davrida dunyodagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berish hajmining 20 foizi aynan shu yerdan o‘tardi. Ushbu strategik yo‘lakning yopilishi dunyo miqyosida energiya resurslari narxining keskin ko‘tarilishiga olib keldi va o‘shandan beri Eron bo‘g‘ozni nazorat qilmoqda. Biroq, Eron o‘z energiya resurslarini bu suv yo‘li orqali eksport qilishda davom etdi.

Eronning Ho‘rmuz orqali amalga oshiradigan neft eksporti uning jami neft eksportining qariyb 80 foizini tashkil qiladi. «Kpler» savdo-tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron mart oyida kuniga 1,84 million barrel, aprel oyida esa kuniga 1,71 million barrel xom neft eksport qilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bu ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 1,68 million barrelni tashkil etgan edi.

15-martdan 14-aprelgacha Eron 55,22 million barrel neft sotdi. Eron neftining uchta asosiy navi — Iranian Light, Iranian Heavy va Forozan Blend narxi o‘tgan oy davomida bir barrel uchun 90 dollardan pastga tushmadi. Narx hatto 100 dollardan oshdi. Eng minimal hisob-kitobda ham (barreliga 90 dollardan), Eron o‘tgan oyda neft eksportidan kamida 4,97 milliard dollar daromad ko‘rgan.

Taqqoslash uchun: fevral oyi boshida, urush boshlanguniga qadar Eron neft eksportidan kuniga taxminan 115 million dollar yoki oyiga 3,45 milliard dollar daromad olayotgan edi. Sodda qilib aytganda, Eron o‘tgan oyda neft eksportidan urushgacha bo‘lgan davrga qaraganda 40 foiz ko‘proq foyda ko‘rgan.

Bu oqimni to‘xtatish — AQSHning Eron portlarini qamal qilishidagi asosiy maqsaddir.

14-aprel kuni «Al-Jazira» telekanaliga bergan intervyusida Global masalalar bo‘yicha Yaqin Sharq kengashining ilmiy xodimi Frederik Shneyder o‘tgan olti hafta Eron uchun neft daromadlari bo‘yicha juda sermahsul bo‘lganini, ammo AQSH qamali vaziyatni o‘zgartirishini aytdi.

«Eronda suzuvchi tankerlarda saqlanadigan xom neft ko‘rinishidagi kattagina zaxira mavjud — fevral oyida bu ko‘rsatkich taxminan 127 million barrelga baholangan edi. Ammo bu qamal Eronga zarar yetkazmaydi degani emas», — dedi u.

Shneyder Eron «uzoq muddatli o‘yin olib borayotganini» va mojaroga ma’lum darajada tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi.

«Dengiz qamali iqtisodiy qiyinchiliklarni oshirdi, xalqaro suvlarda bir nechta fuqarolik kemalari qo‘lga olindi. Biroq qamal qanchalik qat’iy ekani, Eronning suzuvchi zaxiralarini hisobga olganda qancha kema o‘tishga muvaffaq bo‘layotgani va Tramp bu qamalni qancha vaqt ushlab tura olishi hozircha so‘roq ostida», — dedi tahlilchi.

AQSH qamalni uzoq vaqt ushlab tura oladimi?

Shneyderning qayd etishicha, Tramp uchun 1-may oxirgi muddat hisoblanadi. Shu kuni uning Kongress roziligisiz xorijda urush olib borishga ruxsat beruvchi 60 kunlik vakolati yakuniga yetadi.

Qamalni ushlab turgan kemalardagi sharoitlar o‘ta og‘ir ekani aytilmoqda. Shuningdek, Xitoy o‘z yuklari ortilgan kemalarning qo‘lga olinishiga qanday munosabat bildirishi ham mavhum bo‘lib qolmoqda.

«Xitoy Eron bilan bo‘lgan savdosining bloklanishini qabul qilib bo‘lmas holat deb atadi. Bundan tashqari, Eronning javob tariqasida Ho‘rmuzni yopishi AQSHning o‘zidan ko‘ra uning mintaqadagi va global ittifoqchilariga ko‘proq zarar yetkazmoqda. Bu esa Trampga bo‘lgan bosimni oshiradi. Tomonlarning xatti-harakatlaridan xulosa qilsak, Eron sabr-toqat ko‘rsatmoqda, Tramp esa bezovtalanishni boshlagan» — dedi u.

AQSHning Bahrayndagi sobiq elchisi Adam Ereli «Al-Jazira»ning «Bu — Amerika» ko‘rsatuvida ta’kidlashicha, Eron portlarini qamal qilish siyosati mantiqan to‘g‘ri ko‘rinsa-da, AQSHdagi ichki siyosiy omillar tufayli u kutilgan natijani bermasligi mumkin.

«Eronliklar bunday vaziyatga tayyorgarlik ko‘rishgan. Ularning o‘z rejalari bor. Neftni saqlash yoki sotishning muqobil yo‘llarini topishgan. Agar nefti tugab qolsa ham, ular o‘ta qattiq blokada va sanksiyalar sharoitida jon saqlash yo‘llarini bilishadi», — dedi Ereli.

«Bu xaritada shunchaki askarlar yoki kemalarni surish emas. Bu yerda AQSHning ichki siyosati ham bor. Tramp siyosiy kayfiyatni juda yaxshi his qiladi. Shu sababli, bir tomonda Eron strategiyasi, ikkinchi tomonda esa saylovoldi strategiyasi to‘qnash kelmoqda. Savol shundaki, qaysi biri birinchi bo‘lib yon beradi?», — deya qo‘shimcha qildi u.

AQSH blokada qilayotgan neftni Eron saqlab tura oladimi?

«FGE Energy» konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning ichki neftni qayta ishlash quvvati kuniga 2,6 million barrelni tashkil etadi. Uning neft va gaz qazib olish inshootlari asosan janubi-g‘arbiy viloyatlarda: neft Xuzistonda, gaz va kondensat esa Janubiy Pars konidagi Busherda to‘plangan.

Eron OPEK tashkilotida neft ishlab chiqarish bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadi va xom neftining 90 foizini Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali jo‘natish uchun Xarg orolidan eksport qiladi. AQSHning dengiz qamali Eronni ko‘proq neft saqlashga majbur qilmoqda, bu esa omborlarda joy yetishmovchiligini keltirib chiqarishi mumkin.

«Kpler» tahlilchisi Muyu Syuning ta’kidlashicha, joriy cheklovlar Eron neftini yuklash va eksport qilish jarayonini sekinlashtirishi kutilmoqda. Bu mamlakat ichkarisidagi zaxiralarga bosimni oshiradi va oxir-oqibat qazib olishni qisqartirishga majbur qiladi.

«Biroq, quruqlikdagi omborlarda hali ham bo‘sh joy borligini (bu Eronning hozirgi ishlab chiqarish hajmini taxminan 20 kunga qoplashi mumkin) hisobga olsak, qazib olishning qisqarishi kelasi hafta davomida bosqichma-bosqich sodir bo‘ladi va may oyida tezlashishi ehtimoli yuqori», — dedi u.

«TankerTrackers» agentligining xabar berishicha, Xarg orolida neft saqlash uchun joy tugashi ehtimoliga qarshi Eron NASHA (9079107) nomli eski tankerni yana ishga tushirgan.

«Bu 30 yoshli ulkan tanker bo‘lib, so‘nggi bir necha yil davomida bo‘sh holda langarda turgan edi. Hozirda u 1,5–2 kunlik yo‘lni 4 kun davomida bosib o‘tmoqda», — deb yozdi agentlik X tarmog‘ida.

Bu esa tankerdan neft saqlash ombori sifatida foydalanilayotganidan dalolat beradi. Kemaning aniq yo‘nalishi hozircha ma’lum emas.

Eron neftdan daromad olishda davom etadimi?

Ha, tahlilchilarning fikricha, Eron bir necha oy davomida dengizda harakatlanayotgan neftdan daromad olishda davom etishi mumkin.

Vashingtondagi Kongress tadqiqot xizmatining Eron bo‘yicha sobiq tahlilchisi Kennet Katsmanning ta’kidlashicha, AQSH qamali tufayli Tehron yangi neft eksport qilmayapti. Biroq ayni paytda dunyo okeanlarida kemalarda 160 milliondan 170 million barrelgacha «suzuvchi» neft zaxirasi mavjud.

Katsmanning aniqlik kiritishicha, AQSH qamali joriy etilguniga qadar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tib ulgurgan yuzlab tankerlardagi bu zaxiralar hozirda «yetkazib berilishni kutmoqda». AQSH dengiz qamaliga qaramay, Tehron ushbu zaxiralar hisobiga avgust oyigacha o‘z daromad oqimini ta’minlay oladi.

«Bu ancha uzoq muddat. Prezident Trampda avgustgacha vaqt bormi? Ehtimol, yo‘q. Agar u vaziyatni o‘zi istagancha yakunlashni xohlasa, yo harbiy eskalatsiyaga qo‘l urishi, yoki idealdagidan ko‘ra zaifroq kelishuvga rozi bo‘lishi kerak bo‘ladi», — dedi u.

Shu bilan birga, Eron kemalari ochiq okeanda AQSH harbiy kemalaridan yashirinishiga to‘g‘ri keladi. Chunki AQSH Harbiy-dengiz kuchlari yaqinda Eron yuklarini tashiyotgan kemalarni to‘xtatishni boshladi. Masalan, shu haftaning chorshanba kuni AQSH harbiylari Osiyo suvlarida Eron bayrog‘i ostidagi kamida uchta tankerni to‘xtatib, ularni Hindiston, Malayziya va Shri-Lanka yaqinidagi yo‘nalishlardan boshqa tomonga burib yuborgan.

Muyu Syuning «Kpler» ma’lumotlariga tayanib aytishicha, hozirda dengizda 183 million barrelga yaqin Eron xom nefti bor.

«Shundan taxminan 14,7 million barreli Fors ko‘rfazida, 11,9 millioni O‘mon ko‘rfazida, 9 millioni Arab dengizida va 6,5 millioni Hind okeanining markaziy qismida joylashgan. Qolgan qismi esa Malakka bo‘g‘ozi, Janubiy Xitoy dengizi va Xitoy qirg‘oqlari yaqinida. AQSH nazoratining amaldagi chegarasi qayerda ekani hozircha mavhum. Ular asosan Fors ko‘rfazi va Malakka bo‘g‘ozi oralig‘iga e’tibor qaratadimi yoki nazoratni Janubiy Xitoy dengizigacha kengaytiradimi — bunisi aniq emas. Fikrimcha, AQSH Tramp va Si Szinpinning bo‘lajak uchrashuvi oldidan haddan tashqari tajovuzkorlik qilmaydi. Lekin ham Eronga, ham Xitoyga bosim o‘tkazish uchun Eron yuklarini tanlab to‘xtatishda davom etadi. O‘z navbatida, Xitoy imkon bor ekan, Eron neftini sotib olishda davom etishi, Eron esa yuklarni sharqqa yo‘naltirishga intilishi kutilmoqda», — deb ta’kidladi u.

Eron yana qanday yo‘llar bilan daromad olishi mumkin?

Neftdan tashqari, Eron mart oyida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida joriy etgan «yo‘l haqi» tizimi orqali ham daromad ko‘rmoqda. 23-aprel kuni Eron parlamenti spikeri o‘rinbosari Hamidrizo Hoji-Boboiy Tehron markaziy banki urush boshlanganidan beri joriy etilgan to‘lovlardan ilk tushumlarni qabul qilganini ma’lum qildi. Ushbu daromad miqdori ochiqlanmagan.

Eronlik siyosatchi Alouddin Burujerdiy mart oyida ma’lum qilishicha, mamlakat ayrim kemalarning bo‘g‘ozdan o‘tishi uchun 2 million dollargacha boj olmoqda. «Lloyds List» dengiz yangiliklari nashriga ko‘ra, shu kungacha bo‘g‘ozdan o‘tgan kamida ikkita kema to‘lovlarni Xitoy valutasi — yuanda amalga oshirgan. Nashrning xabar berishicha, kemalardan birining o‘tishida Xitoy dengiz xizmatlari kompaniyasi vositachilik qilgan va Eron rasmiylariga to‘lovni o‘tkazib bergan. Biroq kemalar aynan qancha haq to‘lagani noma’lum.

Eron rahbariyati qanchalik chidamli?

So‘nggi kunlarda Donald Tramp Eronni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga majburlash asnosida, eronliklar «o‘z yetakchisi kimligini tushuna olmay qolganini» da’vo qildi. Uning iddaosiga ko‘ra, Tehronda «mo‘tadillar» va «radikallar» o‘rtasida «aql bovar qilmas» ichki kurash ketmoqda.

Ammo mamlakat rasmiylari Eron hukumati yakdil ekanini ta’kidlamoqda.

«Siyosiy rang-baranglik — bu bizning demokratiyamizdir. Lekin xavf-xatar tug‘ilganda, biz bir bayroq ostida «yagona musht» bo‘lib birlashamiz. Tuprog‘imiz va sha’nimizni himoya qilish yo‘lida biz har qanday tabaqalanishlardan yuqori turamiz. Biz — bir jon, bir millatmiz», — dedi Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif.

Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi ham Eron harbiylari va siyosiy rahbariyat o‘rtasida ixtilof borligi haqidagi gaplarni rad etdi.

«Isroilning terrorchilik yo‘li bilan amalga oshirgan qotilliklari muvaffaqiyatsizlikka uchragani Eron davlat institutlarining hamjihatlik, aniq maqsad va intizom bilan harakat qilishda davom etayotganida ko‘rinadi. Jang maydoni va diplomatiya — bitta urushning to‘liq muvofiqlashtirilgan jabhalaridir. Eronliklar har qachongidan ham jipslashgan», — deb yozdi u X tarmog‘ida.

Bu borada eng kuchli murojaat Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyondan yangradi:

«Eronda radikallar yoki mo‘tadillar yo‘q. Barchamiz — eronliklar va inqilobchilarmiz. Millat va davlatning temirdek birligi hamda Oliy Rahnamoga itoatkorlik bilan biz tajovuzkorni pushaymon qildiramiz», — deb yozdi u o‘z sahifasida.

Eron harbiy jihatdan qanchalik kuchli?

Eron AQSH va Isroilning bir necha haftalik zarbalariga qarshi asimmetrik urush usullaridan foydalanib, harbiy jihatdan sezilarli chidamlilik ko‘rsatdi. Bu partizanlik taktikasi, kiberhujumlar, proksi qurolli guruhlarni qurollantirish va qo‘llab-quvvatlash hamda boshqa bilvosita vositalarni o‘z ichiga oladi.

Urush davomida Eron Isroil va Ko‘rfaz mintaqasidagi energetika infratuzilmalarini nishonga oldi, bank muassasalariga hujum qilish bilan tahdid qildi va Birlashgan Arab Amirliklari hamda Bahrayndagi «Amazon» kabi texnologiya kompaniyalarining AQSHga tegishli ma’lumot markazlariga zarbalar berdi.

Shuningdek, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘ydi va xabarlarga ko‘ra, kemalar qatnoviga to‘sqinlik qilish uchun bo‘g‘ozga minalar joylashtirgan. Bu esa dunyoda neft narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

AQSH aprel oyi o‘rtalarida Eron portlarini qamal qilishni boshlaganidan beri, rasmiy Tehron mamlakat o‘zini himoya qilishini va AQSHning har qanday hujumiga javob qaytarishini bir necha bor va’da qildi.

Shu hafta boshida AQSH harbiylari Eron kemasini qo‘lga olgani va o‘nlab boshqa kemalarga ortga qaytishga buyruq berganini e’lon qilganidan so‘ng, Eron ham bunga javoban Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida dengiz qoidalarini buzgan xorijiy tijorat kemalarini qo‘lga oldi.

AQSHning sobiq elchisi Erelining ta’kidlashicha, Eron va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusidagi «inqilobiy jo‘shqinlik» ularning yashab qolishini ta’minlaydi.

«Ular AQSHning ko‘pchilik qaror qabul qiluvchilari va tahlilchilari o‘ylaganidan ko‘ra ancha uzoqroq vaqt davomida og‘riqqa chidashi mumkin», — dedi u.

Erelining fikricha, Tehron AQSH tomonidan o‘rnatilgan «qamal sharoitida» qancha chiday olishi noma’lum bo‘lsa-da, bu muddat Amerika kutganidan ancha uzoqqa cho‘zilishi mumkin.

«Menimcha, ular ko‘pchilik tasavvur qilganidan, ayniqsa, amerikaliklarga tiz cho‘kish masalasida ancha uzoqroqqa bora oladi. Bu yerda g‘urur va yashab qolish masalasi yotibdi. Ular biz bilan urush holatida va bu ular uchunhayot-mamot jangidir. Ular yashab qolishlari shart», — dedi u.

 

Теглар

Мавзуга оид