IFC O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi kichik bizneslarga 10 mln dollar yo‘naltiradi
Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi kichik bizneslarni qo‘llab-quvvatlash uchun Highland Central Asia Fund II jamg‘armasiga 10 million dollargacha investitsiya kiritadi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) O‘zbekiston va Qirg‘izistonda kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Highland Central Asia Fund II jamg‘armasiga 10 million dollargacha mablag‘ ajratishini ma’lum qildi.
Ajratiladigan investitsiyalar sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, chakana savdo, logistika, oziq-ovqat ishlab chiqarish, ko‘chmas mulk hamda mehmonxona biznesi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi 10–15 ta korxonani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Yagona institutsional fond
Highland Central Asia Fund II hozirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston bozorlarida faoliyat yuritayotgan yagona institutsional to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jamg‘armasi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mahalliy kompaniyalarning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashishdan iborat.
Jamg‘armaning maqsadli hajmi 75 million dollarni tashkil etadi. Bu esa mintaqadagi xususiy sektorni rivojlantirish va bizneslarning o‘sish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha kapital jalb qilish imkonini beradi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash
Highland Capital hammuassisi Eldan Usubakunovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bozoriga kirish kompaniya uchun Markaziy Osiyodagi ishtirokini mustahkamlash va mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan.
IFCning aksiyadorlik investitsiyalari va venchur kapitali bo‘yicha global direktori Farid Fezua mazkur loyiha tadbirkorlarni moliyalashtirish sohasidagi mavjud bo‘shliqlarni qisqartirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Moliyaviy ishtirokdan tashqari, IFC Highland Capital kompaniyasiga aktivlarni boshqarish, portfel kompaniyalari qiymatini oshirish va investitsiya loyihalaridan chiqish strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ham taqdim etadi.
IFC Jahon banki guruhi tarkibidagi eng yirik xalqaro taraqqiyot institutlaridan biri bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan.





