Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik: «Meta» va «TikTok» minglab da’volar bo‘yicha javob beradi
AQSH sudi «Meta», «TikTok», «Snapchat» va «Google» platformalari yoshlarda qaramlikni keltirib chiqaradigan tarzda ishlab chiqilgani haqidagi minglab da’volarni ko‘rib chiqishni davom ettirishga ruxsat berdi.

AQSHning 9-okrug apellyatsiya sudi «Meta» va «TikTok» kompaniyalarining quyi sud qarorini bekor qilish haqidagi apellyatsiyalarini rad etdi. Sud kompaniyalar tomonidan berilgan apellyatsiyani muddatidan oldin berilgan, deb topdi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.
Gap «Meta Platforms», «Alphabet» tarkibidagi «Google», «ByteDance»ga tegishli «TikTok» va «Snap Inc.»ning «Snapchat» platformalariga qarshi berilgan 3 mingdan ortiq da’vo haqida ketmoqda.
Unda kompaniyalar o‘z mahsulot va platformalarini yosh foydalanuvchilarda qaramlikni yuzaga keltiradigan tarzda ishlab chiqqan, degan da’volar ilgari surilgan.
Kompaniyalar nima deyapti?
«Meta» va «TikTok» AQSHning 1996 yilda qabul qilingan Kommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonunining 230-moddasiga tayangan. Ushbu norma, asosan, internet kompaniyalarini foydalanuvchilar tomonidan platformalarga joylashtirilgan kontent uchun javobgarlikdan himoya qiladi.
Kompaniyalar mazkur modda platformalarning qaramlik xususiyati haqida jamoatchilikni ogohlantirmagani to‘g‘risidagi da’volarga ham tatbiq etilishi kerakligini ta’kidlagan.
Biroq 9-okrug apellyatsiya sudi bu vajlarni qabul qilmadi.
Sud qanday qaror chiqardi?
Sudning qayd etishicha, 230-modda kompaniyalarni javobgarlikdan himoya qiladi, ammo ularga nisbatan sud da’volari kiritilishidan «immunitet» bermaydi.
Shu sababli kompaniyalarning apellyatsiyasi hozircha muddatidan oldin berilgan, deb topildi. Natijada «Meta», «TikTok», «Snapchat» va «Google»ga qarshi 3 mingdan ortiq sud da’vosi bo‘yicha jarayon davom etishi mumkin.





