Logo

Ilon Maskning haqiqiy boyligi qancha ekani e’lon qilindi

Бугун 19:202 дақиқа

Tadbirkor dunyo boylari reytingida eng yaqin raqobatchisini qariyb 1 trillion dollarga ortda qoldirmoqda.

Ilon Maskning haqiqiy boyligi qancha ekani e’lon qilindi

«Forbes Real-Time Billionaires» ma’lumotlariga ko‘ra, 15-iyun kuni Ilon Maskning boyligi 1,3 trillion dollarga yetdi. Bu «Forbes» kuzatuvlari tarixida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Boylikning keskin o‘sishiga «SpaceX» kompaniyasining IPO jarayoni sabab bo‘ldi. Kompaniya aksiyalari dastlabki savdolarda 19 foizdan ortiq qimmatlashgan bo‘lsa, 15-iyun kuni yana 19,5 foizga o‘sdi. Natijada kompaniyaning bozor qiymati 3 trillion dollardan oshib ketdi.

Bir kunda 165 milliard dollar

Aksiyalarning o‘sishi ortidan Maskning shaxsiy boyligi bir kunning o‘zida taxminan 165 milliard dollarga ko‘paydi.

U «SpaceX»ning 4,8 milliard dona aksiyasiga, shuningdek, har birini 8,40 dollardan sotib olish huquqini beruvchi 350 millionta aksiya opsioniga egalik qiladi.

Bu ulushlar Maskka kompaniyaning taxminan 38 foizini nazorat qilish imkonini beradi.

16-iyun holatiga ko‘ra, «Forbes» uning boyligini 1,29 trillion dollar deb baholamoqda.

Raqobatchilar ancha ortda qolmoqda

Taqqoslash uchun: «Forbes» reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turgan «Google» hammuassisi Larri Peyjning boyligi 301,4 milliard dollarga teng bo‘lsa, «Amazon» asoschisi Jeff Bezosning boyligi 255,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Shu tariqa, Mask o‘zining eng yaqin ta’qibchisini qariyb 1 trillion dollarga ortda qoldirmoqda.

Tarixdagi eng yirik IPO

12-iyun kuni «SpaceX» NASDAQ birjasida aksiyalarini ommaviy savdoga chiqarib, 85,7 milliard dollar mablag‘ jalb qildi. Bu tarixdagi eng yirik IPO sifatida qayd etildi.

Savdolarning birinchi kunidayoq aksiyalar 19 foizga qimmatlashdi. Aynan shu kuni Maskning boyligi 1 trillion dollardan oshib, u tarixda rasman trillioner maqomini qo‘lga kiritgan birinchi insonga aylandi.

Теглар

Мавзуга оид