Logo

«Insonning o‘z yurtida shonli fuqaro bo‘layotganini anglatuvchi ilk hujjati pul degan to‘siqqa duch kelmasligi kerak» — jurnalist

U qo‘shni Qozog‘istonda birinchi marta ID-karta olish o‘z fuqarolari uchun mutlaqo bepul ekani, Qirg‘izistonda esa bu to‘lov O‘zbekistondagidan kamida ikki baravar arzonligini eslatdi.

«Insonning o‘z yurtida shonli fuqaro bo‘layotganini anglatuvchi ilk hujjati pul degan to‘siqqa duch kelmasligi kerak» — jurnalist © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda kishining o‘z yurtida shonli fuqaro bo‘layotganini anglatuvchi ilk hujjati pul degan to‘siqqa duch kelmasligi lozim. Bu haqda jurnalist Dilnoza Qurbonova o‘zining Facebook sahifasida yozdi.

U qo‘shni Qozog‘istonda birinchi marta ID-karta olish o‘z fuqarolari uchun mutlaqo bepul ekani, Qirg‘izistonda esa bu to‘lov O‘zbekistondagidan kamida ikki baravar arzonligini (8,93 dollar yoki 105 ming 795 so‘m) eslatdi.

«Kecha passport stolida bir manzaraga guvoh bo‘lib, yuragim ezilib ketdi, ichimdan nimadir uzilgandek bo‘ldi. Navbatda bir oila turardi. Ust-boshi yupun, chehralaridan hayotning og‘ir zahmatlari, tirikchilik tashvishlari ufurib turgan ota-ona va ularning yonida mo‘ltirabgina turgan 15-16 yoshlardagi qizaloq. Uning ko‘zlarida bolalik sho‘xligi emas, kattalardek bir chuqur g‘amgin o‘ychanlik bor edi. Ular jigarbandiga hayotida ilk bor shaxsini tasdiqlovchi hujjat — ID-karta olgani kelishgan ekan. Kassadan aytilgan summani eshitgach, otaning qo‘llari titrab ketdi. Hamyonini ochib, ichidagi oxirgi mayda pullarini ham bitta-bitta sanay boshladi. O‘sha soniyalarda otaning iztirobini, qizining avval otasiga, keyin yerga qarab qolgan nigohlarini ko‘rib, yuragim zirqiradi», — deya yozgan u.

Jurnalist O‘zbekiston konstitutsiyasining 1-moddasida «O‘zbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat»ligi yozilganini ta’kidlab, itimoiy davlatning asl mohiyati og‘ir damlarda, qiynalgan oilalarning yelkasidan yukni olishda ko‘rinishi kerakligini urg‘uladi.

«Insonning o‘z yurtida shonli fuqaro bo‘layotganini anglatuvchi ilk hujjati pul degan to‘siqqa, otaning chorasiz titrog‘iga duch kelmasligi kerak. Bu bolalar hali hayotga endigina qadam qo‘yayotgan, davlatning mehri va g‘amxo‘rligini his qilishi lozim bo‘lgan voyaga yetmagan yoshlarimizdir», — yozadi u.

Qurbonova shu masala borasida mutasaddi vazirliklar va hukumatni chuqur o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.

«Mutasaddi vazirliklar, hukumatimiz shu masalani bir o‘ylab ko‘rsalar, adolatdan bo‘lardi. Hech bo‘lmasa hayotida birinchi marta davlat hujjati olayotgan bolajonlarimiz uchun bu xizmatni bepul yoki ramziy narxda qilib berish shunchalik qiyinmi? Ijtimoiy davlat degan nom qog‘ozlarda emas, mana shunday qorako‘zlarimizning baxtli nigohlarida aks etsin!» — deydi u.

O‘zbekistonda birinchi marta marta ID-karta olish uchun to‘lanadigan davlat boji Migratsiya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi yoki konsullik orqali ariza berilganida bazaviy hisoblash miqdorining 89 foizi— 366 ming 680 so‘m. my.gov orqali onlayn ariza berilganida esa BHMning 80,1 foizini (330 ming 12 so‘m) to‘lash kerak. Agar ID-kartada xatolik bo‘lsa, u bepul almashtirib beriladi.

2025-yil 1-avgustdan buyon BHM 412 ming so‘m. Ammo 2026-yil 1-sentabrdan boshlab esa BHM miqdori 440 ming so‘m bo‘ladi.

Теглар

Мавзуга оид

«Insonning o‘z yurtida shonli fuqaro bo‘layotganini anglatuvchi ilk hujjati pul degan to‘siqqa duch kelmasligi kerak» — jurnalist | Vaqt.uz