Ipoteka krediti uchun subsidiyalarga ariza qabul qilish boshlandi

Бугун 13:554 дақиқа

Subsidiya oluvchilar ko‘p bo‘lganda, dastlab birinchi ariza berganlarga subsidiya beriladi. Qanday qilib subsidiya olish haqida batafsil:

Ipoteka krediti uchun subsidiyalarga ariza qabul qilish boshlandi

Bugun, 2026-yil 16-mart soat 14:00 dan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun qabul ochildi. Vaqt.uz qanday qilib subsidiya olish va nimalarga e’tibor qaratish haqida tushuntiradi.

2026-yil davomida aholiga 2,7 trln so‘mlik subsidiya berish reja qilingan. Bu avvalgi yillarda berilgan subsidiyalarga nisbatan ko‘proq.

Subsidiya bu davlat tomonidan ajratiladigan, qaytarilmaydigan mablag‘ turi hisoblanadi. Ipoteka krediti uchun subsidiyalar orqali uy-joy sotib olishda boshlang‘ich badal yoki foiz to‘lovlarining bir qismi qoplab beriladi.

Subsidiya olish uchun quyidagi usullar:

— Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish;
— myGov mobil ilovasi;
my.gov.uz portalida, mazkur havola orqali ariza topshirish mumkin.

Kimlar subsidiya olishi mumkin? (Asosiy mezonlar)

Ijtimoiy mezonlar asosida baholangan ariza beruvchi 30 va undan yuqori ball to‘plagan bo‘lishi shart. Bunda nomzodlar quyidagi ko‘rinishda baholanadi:

— Butun mamlakatda ariza beruvchi yoki uning oilasiga tegishli mulk yoki turar-joy bo‘lmasligi — 20 ball.

— “Labor-migration” dasturida ro‘yxatdan o‘tgan mehnat migranti — 10 ball.

— Olis yoki chekka hududlarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi mutaxassislar, tibbiyot xodimlari — 5 ball.

— Yosh oilalar, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar — 5 ball.

— Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollar (ajrashgan, beva yoki yolg‘iz onalar) — 5 ball.

— “Tibbiy ijtimoiy ekspertiza” tizimidan ro‘yxatdan o‘tganlar — 5 ball.

Ariza beruvchining ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi mas’ul tashkilotlarning elektron ma’lumotlar bazalari ma’lumotlari asosida integratsiyalashgan tizim orqali subsidiya.idm.uz dasturiy ta’minot tizimi tomonidan aniqlanadi va ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi.

Daromad chegarasi

Subsidiya uchun arizaga ijobiy javob olishda daromad chegarasi ham muhim hisoblanadi. Bunda ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlarining o‘rtacha daromadi quyidagi chegarada bo‘lishi kerak:

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda: MHTEKMning 2,7 baravaridan (3,4 mln so‘m) 8 baravarigacha (10,1 mln so‘m).

— Toshkent shahrida: MHTEKMning 2,7 baravaridan (3,4 mln so‘m) 9,2 baravarigacha (11,6 mln so‘m).

Bundan tashqari, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida O‘zbekistonning barcha hududlarida mulk huquqi bilan turar joy mavjud bo‘lmasligi lozim.

Subsidiya qanday hisoblanadi?

Ipoteka krediti uchun subsidiya boshlang‘ich badalning bir qismini to‘lash uchun — har yil uchun qat’iy belgilangan miqdorda ajratiladi. Bu miqdor hozirda 30 mln so‘m qilib belgilangan va 2026-yil uchun oshirilmagan.

Bundan tashqari, ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga ham to‘lab beriladi.

2025-yil va undan keyingi yillar dasturlari doirasidagi kreditlar bo‘yicha esa Markaziy bankning asosiy stavkasi — 14 foizdan oshgan qismiga to‘lanadi.

Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, banklarning ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari mutanosib ravishda pasayadi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.

Ipoteka krediti qancha?

O‘zbekistonliklarga subsidiya asosida ipoteka krediti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 380 mln so‘mgacha, Toshkent shahrida esa 480 mln so‘mgacha beriladi.

Bunda foiz stavkasi banklarga qarab 16–18 foiz atrofida bo‘ladi. Boshlang‘ich to‘lov ham amalga oshirish talab qilinadi.

Subsidiya olganlar daromad solig‘i to‘lamaydi

Uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolarning ipoteka kreditlari va ularning foizlari uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig‘iga tortilmasligi belgilangan.

Bu imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 80 baravaridan (101,7 mln so‘mdan) oshmagan qismiga tatbiq etiladi.

OneID orqali ruxsat berish kerak

Ariza beruvchi tomonidan ariza topshirish (baholash) davrida OneID tizimida shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish paneli orqali ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini baholash maqsadida tegishli ma’lumotlardan foydalanish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi lozim.

Shuningdek, kredit tarixini olishga cheklov vaqtincha o‘rnatilmagan bo‘lishi kerak. Aks holda, ariza beruvchining kredit tarixini o‘rganish imkoniyati cheklanib, uning arizasi rad etilishiga sabab bo‘ladi.

Harbiy tuzilmalar xodimlari bevosita davlat xizmatlari markaziga murojaat qilgan holda ariza topshirishlari mumkin.

Ariza beruvchining kredit tarixi quyidagi banklarning kamida bittasining ichki qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak:

  1. “Agrobank”

  2. “Aloqabank”

  3. “Asakabank”

  4. “Asia Alliance Bank”

  5. “Biznesni rivojlantirish banki”

  6. “Hamkorbank”

  7. “Ipak yoʻli”

  8. “Ipotekabank”

  9. “Mikrokreditbank”

  10. “Orient Finans”

  11. “Trastbank”

  12. “Turonbank”

  13. “Xalq banki”

  14. “Oʻzmilliybank”

  15. “Oʻzsanoatqurilishbank”

Qaysi holatlarda subsidiya berilmaydi?

Quyidagi hollarda subsidiya ajratish rad etiladi:

— arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy mezonlarga mos kelmaganda;

— ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;

— ilgari imtiyozli ipoteka kreditlari asosida kvartira yoki uy-joy hamda subsidiya olganlar ariza berganida;

— joriy yilda hudud uchun ajratiladigan subsidiya soni tugaganda;

— ariza beruvchi va/yoki oilaning o‘rtacha oylik daromadi yuqorida ko‘rsatilgan daromaddan ko‘p yoki kam bo‘lganida.

Boshqa asoslar bilan rad etish mumkin emas, ariza rad etilganidan so‘ng yana qayta murojaat qilish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, subsidiyalar soni cheklangan. Shuning uchun murojaatlar ko‘p bo‘lsa, birinchi ariza berganlarga ustunlik beriladi.


Теглар

Мавзуга оид