Iqtisodiy zarba: Tramp Hindistonni Rossiya neftidan voz kechishga majbur qildi

AQSH Hindiston uchun bojlarni pasaytirdi. Buning evaziga mamlakat Rossiya neftidan voz kechdi. Bundan tashqari, Hindiston Amerika energiya resurslari va mahsulotlarini sotib olish majburiyatini oldi. Xo‘sh, ushbu yangi kelishuvlar dunyo iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Iqtisodiy zarba: Tramp Hindistonni Rossiya neftidan voz kechishga majbur qildi

Chekinish boshlandi

Donald Tramp baribir Hindiston bosh vaziri Narendra Modiga o‘z shartlarini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.

«Biz ko‘plab masalalar, jumladan, savdo-sotiq hamda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tugatish haqida gaplashdik. U Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishga va AQSHdan, ehtimol, Venesueladan ko‘proq neft xarid qilishga rozi bo‘ldi», — deb yozdi AQSH prezidenti «Truth Social» tarmog‘ida.

O‘z navbatida, Vashington «do‘stlik va Modiga bo‘lgan hurmat yuzasidan» Hindiston tovarlari uchun qo‘shimcha bojlarni bekor qildi. Natijada tarif stavkasi 18 foizgacha pasaydi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, yangi stavka respublikaning iqtisodiy holatini sezilarli darajada yengillashtiradi.

Gap shundaki, o‘tgan yildan beri Hindiston mahsulotlariga 50 foizlik boj qo‘llab kelinayotgan edi. Bu AQSH hamkorlari orasidagi eng yuqori tariflardan biri hisoblanardi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, savdo to‘siqlarining kamayishi Hindistonning to‘qimachilik, farmatsevtika va boshqa eksport tarmoqlari uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Modining iltimosi bilan yangi shartlar darhol — 7-fevraldan kuchga kirgan. Biroq AQSH va Hindiston o‘rtasidagi kelishuvlar bu bilan cheklanib qolmaydi. Jumladan, Nyu Dehli Amerikadan keltiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va tibbiyot buyumlari, shuningdek, kimyoviy moddalar uchun bojlarni bosqichma-bosqich nolga tushirishga rozi bo‘lgan.

Bundan tashqari, Hindiston besh yil ichida 500 milliard dollarlik Amerika tovarlarini sotib olish majburiyatini oldi. Bu ro‘yxatdan samolyotlar va aviatsiya butlovchi qismlari, qimmatbaho metallar, texnologik mahsulotlar hamda kokslanuvchi ko‘mir o‘rin olgan.

1

Rossiya neftidan voz kechish

Hindistonliklar Rossiya neftini sotib olishda davom etayotgan bo‘lsa-da, endi bu juda oz miqdorni tashkil etmoqda. Bu haqda Donald Tramp «Fox Business» kanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Hozirda ular juda kam sotib olishyapti. Xaridlar hajmi ancha qisqardi, men shunchaki ularga ozgina turtki berdim», — dedi Amerika prezidenti.

AQSH davlat kotibi yordamchisi Pol Kapur ham Hindistonning Rossiya «qora oltin»idan bosqichma-bosqich voz kechayotganini ta’kidladi.

«Hindistonliklar Rossiya nefti xaridini kamaytirib, manbalarni diversifikatsiya qilishmoqda, biz ulardan aynan shuni kutgan edik. Aslida ular Amerika energiya resurslarini ko‘proq sotib olishmoqda», — dedi u.

«Kpler» tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Hindiston Rossiyadan kuniga o‘rtacha 1,215 mln barrel neft import qilgan. Shundan 0,41 mln barreli Rossiya kapitali ishtirokidagi «Nayara Energy» neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ), 0,58 mln barreli davlatga qarashli «Indian Oil» korxonasi hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yana 0,19 mln barrelni davlatga qarashli «Bharat Petroleum» kompaniyasi xarid qilgan.

Mamlakatning eng yirik xususiy neftni qayta ishlash korxonasi — «Reliance» esa Rossiya xomashyosini umuman sotib olmagan.

«Reuters» agentligining baholashicha, o‘tgan oyda neft yetkazib berishning umumiy hajmi 9 foizga, noyabr oyiga nisbatan esa 22 foizga kamaygan.

Hindiston neft vaziri Hardip Singh Puri ham Rossiya xomashyosi importi qisqarganini tasdiqladi. U «Bloomberg»ga bergan intervyusida yetkazib berish hajmi kuniga 1,3 mln barrelgacha tushganini ma’lum qildi. Taqqoslash uchun, 2025 yilda o‘rtacha ko‘rsatkich kuniga 1,8 mln barrelni tashkil etgan edi.

Bundan tashqari, «Reuters» xabariga ko‘ra, Hindiston neftni qayta ishlash kompaniyalari mart va aprel oylarida yuklanishi rejalashtirilgan Rossiya neftini qabul qilishdan voz kechmoqda. Agentlikning taxmin qilishicha, Nyu Dehli kelgusida ham Rossiya neftidan tiyilishda davom etadi.

2

Eksport oqimining Xitoyga yo‘naltirilishi

Shu bilan birga, Moskva Nyu Dehlining Rossiya neftidan voz kechgani haqidagi xabarlarni inkor qilmoqda.

«Donald Tramp Hindiston Rossiya neftini boshqa sotib olmaslikka rozi bo‘lganini aytdi. Men boshqa hech kimdan, jumladan, bosh vazir Modi va boshqa hindistonlik ishtirokchilardan bunday bayonotni eshitmadim. Kimdir kimgadir nimanidir taqiqlagani va taqiqlangan tomon bunga so‘zsiz amal qilishi haqida hech qanday ishora olganim yo‘q», — dedi Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov.

Rossiyaning Hindistondagi elchisi Denis Alipovning so‘zlariga ko‘ra, dekabr-yanvar oylarida yetkazib berish hajmi vaqtinchalik kuniga 1,2 mln barrelgacha tushganiga qaramay, Rossiya respublika uchun eng yirik neft yetkazib beruvchi bo‘lib qolmoqda. Uning ta’kidlashicha, katta miqdordagi chegirmalar tufayli Rossiya xomashyosini sotib olish Nyu Dehli uchun «shubhasiz» foydalidir.

Tahlilchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya umumiy eksportining qariyb 38 foizini tashkil etuvchi Hindiston talabining kamayishi kuniga taxminan 400-500 ming barrel neft ortib qolishiga olib keladi. Moskva ushbu hajmlarni boshqa yo‘nalishlarga, masalan, Xitoyga yo‘naltirishga majbur bo‘ladi. Xitoy esa bo‘shab qolgan ushbu hajmlarni qisman o‘zlashtirishi mumkin.

«Urals» navidagi neft hozirning o‘zidayoq «Brent»ga nisbatan 13-15 dollarlik farq bilan bir barrel uchun 54 dollardan sotilayotgan bir paytda, qo‘shimcha bosim narxlarni 45-50 dollarlik ko‘rsatkichlargacha tushirib yuborishi mumkin.

3

Texnologiyalarga ega bo‘lish imkoniyati chegirmalardan ustun

Rossiyaning 2026 yilgi davlat budjeti «Urals» navidagi neft narxi bir barrel uchun 59 dollar bo‘lishi prognozi asosida shakllantirilgan. Biroq amaldagi kotirovkalar hozirdanoq belgilanganidan 5 dollarga arzonroq.

«Agar ayrim tahlilchilar prognoz qilganidek, narxlar 45 dollargacha tushsa, Rossiya budjeti  3-4 trillion rubl miqdoridagi mablag‘dan mahrum bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Rossiya iqtisodiyotida muayyan himoya vositalari — Milliy farovonlik jamg‘armasi, dollar tushumlari kamayishini qoplash uchun rubl kursini pasaytirish imkoniyati va boshqa bozorlarga yo‘nalish olish kabi zaxiralar mavjud», - deydi TRT suhbatlashgan mutaxassis.

Hindistonning Rossiya neftidan voz kechishi jahon bozoriga bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Bu Osiyoda xaridorlar uchun raqobatni kuchaytiradi va premium navdagi neft narxlariga bosim ortishiga olib keladi. Vashington esa suyultirilgan gaz va «qora oltin» uchun yirik bozorga ega bo‘ladi va bu Amerika ishlab chiqaruvchilarining mavqeini mustahkamlaydi.

Hindiston esa, o‘z navbatida, ulkan bozorga chiqish imkoniyatini saqlab qoladi. Buning evaziga u Rossiyaning manfaatli chegirmalaridan voz kechish bilan haq to‘laydi. Hozirgi narxlarda «Urals» va Amerika nefti o‘rtasidagi farq bir barrel uchun taxminan 10–15 dollarni tashkil etmoqda. Hindiston uchun bu import xarajatlarining yiliga 3–4 milliard dollarga oshishini anglatadi. Biroq, aftidan, Nyu Dehli uchun siyosiy manfaatlar va yuqori texnologiyalardan foydalanish imkoniyati barchasidan ustuvor ahamiyatga ega.

Теглар

Мавзуга оид