Isroil Eronning «amaldagi rahbari» Ali Lorijoniy yo‘q qilinganini iddao qildi
Isroil mudofaa kuchlari 17-martga o‘tar kechasi Tehronga berilgan aviazarba natijasida Eronning eng nufuzli arboblaridan biri, Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Lorijoniyni yo‘q qilganini iddao qilmoqda.

Isroil Mudofaa vaziri Yisrael Katsning bayonotiga ko‘ra, marhum oyatulloh Ali Xomanaiyga eng yaqin shaxslardan biri bo‘lgan Ali Lorijoniy Tehrondagi maxsus amaliyot nishoniga aylangan.
«The Times of Israel» nashrining yozishicha, SAHAL (Isroil mudofaa armiyasi) Lorijoniyni Eronning «amaldagi rahbari» deb atagan. U mamlakat yadro dasturining asosiy figurasi bo‘lishdan tashqari, Islom inqilobi muhofizlari korpusida (IIMK) yuqori lavozimlarni egallagan va uzoq yillar parlamentga rahbarlik qilgan.
Shuningdek, Isroil harbiylari Eron ichidagi norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirish bilan shug‘ullanuvchi «Basij» ko‘ngillilar qo‘shini qo‘mondoni G‘ulomrizo Sulaymoniy ham o‘ldirilganini tasdiqladi. Isroil mudofaa vaziri Katsning ta’kidlashicha, bu zarbalar rejimning xavfsizlik va boshqaruv tizimini butunlay falaj qilishga qaratilgan.
«Biz rejim rahbariyatini ov qilishda davom etamiz va sakkizoyoqning boshini qayta-qayta chopib tashlab, uning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi vazir.
Rasmiy Tehronning inkori
Hozircha Tehron rasmiylari Lorijoniyning o‘limini tasdiqlagani yo‘q. Eronning «Fars» davlat agentligi Lorijoniy tomonidan o‘z qo‘li bilan yozilgani aytilayotgan xatni e’lon qildi. 17-mart sanasi bilan imzolangan ushbu maktubda u Eron harbiy-dengiz kuchlari xizmatchilarining halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan. Biroq kuzatuvchilar bu xatning haqiqiyligiga va Eron rahbariyatining vaziyatni nazorat qilayotgani haqidagi da’volariga shubha bilan qaramoqda.
Avvalroq Kuvayt nashrlari yangi rahbar Mo‘jtabo Xomanaiy jarohat olib, Moskvaga evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan edi. Ali Lorijoniy esa Mo‘jtaboning nomidan e’lon qilinayotgan murojaatlarning asl muallifi va mamlakatni panadan turib boshqarayotgan shaxs sifatida ko‘rilayotgan edi. Uning yo‘q qilinishi, agar tasdiqlansa, Eron davlatchilik tizimi uchun so‘nggi o‘n yillikdagi eng og‘ir yo‘qotish bo‘ladi.
Eron oliy elitasidagi yo‘qotishlar
28-fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Tehronning deyarli barcha oliy harbiy-siyosiy rahbariyati yo‘q qilingani da’vo qilinmoqda. Oliy rahbar Ali Xomanaiy urushning birinchi kunidayoq hukumat kompleksiga tashlangan 30 ta bomba natijasida halok bo‘lgan edi. O‘sha hujumda uning oila a’zolari, maslahatchisi Ali Shamhoniy va IIMK qo‘mondoni Muhammad Pokpur ham qurbon bo‘lgan.
Ayni paytda Eron boshqaruv tizimida chuqur inqiroz kuzatilmoqda. Rahbariyatning katta qismi jismoniy yo‘q qilingani yoki og‘ir jarohat olgani Tehronning tashqi tajovuzga va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyatga ta’sir o‘tkazish imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi. Isroil va AQSHning «strategik boshsizlantirish» amaliyoti o‘z samarasini bermoqda, biroq Eronning qoldiq kuchlari va proksi guruhlari hali ham xavf tug‘dirishda davom etmoqda.





